Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari davomida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) rahbarligida Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘yicha sessiya bo‘lib o‘tdi. U logistika va mintaqaviy hamkorlikka bag‘ishlangan bo‘lib, unda savdo ekspertlari va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi.
Yevropa komissiyasining xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direktori bosh maslahatchisi Henrik Hololeyning so‘zlariga ko‘ra, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Transkaspiy transport yo‘lagi muhim rivojlanish omili hisoblanadi.
““Ushbu transport tarmog‘i orqali biz mintaqani Yevropa bilan bog‘lashimiz mumkin. Bunday yo‘laklarni uzluksiz va samarali boshqarish rivojlanish uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratishga yordam beradi. O‘zbekistondan tashqari, Turkmaniston ham ushbu tarmoqda juda muhim mamlakatga aylanishi mumkin. Bu bizning mamlakatlar o‘rtasida bojxona aloqalarini o‘rnatishimizga va chegaralarni kesib o‘tish uchun ishonchli va funksional tizimlar yaratishga imkon beradi”, — dedi Henrik Hololey.
IHTT Yevroosiyo bo‘limining bosh siyosiy tahlilchisi va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Gregori Lekonte tashkilotning 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari haqida gapirdi.
“Biz yuk tashish sohasida nimalar amalga oshirilgani, bugungi kunda nimalar qilinayotgani, qanday yutuqlar borligi va hozirda qanday muammolar mavjudligini o‘rganamiz. Hozir biz mintaqaning beshta davlatida xususiy sektor vakillari o‘rtasida so‘rov o‘tkazmoqdamiz, unda 50 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda. Biz Markaziy Osiyo davlatlarining har bir hukumati xususiy sektorni qanday qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rib chiqamiz. Ushbu tadqiqotning maqsadi — har bir davlatning ustuvor yo‘nalishlariga chuqur kirib borgan holda, mintaqadagi davlatlar uchun aniq tavsiyalar berishdan iborat”, — deya ta’kidladi u.
Xususiy sektor bilan o‘zaro hamkorlik natijalariga ko‘ra, 2025-yilning yoziga qadar mintaqadagi har bir mamlakat bo‘yicha xulosalarni o‘z ichiga olgan hisobot tayyorlanadi.
“Biz ayniqsa O‘zbekiston bilan qiziqmoqdamiz, chunki u global qiymat zanjiriga kamroq integratsiyalashgan Markaziy Osiyo mamlakati, ammo [Yevropa iqtisodiyoti kunlari davomida] biz O‘zbekiston mintaqadagi yetakchi islohotchi va JSTga qo‘shilish yo‘lida ekanligi haqidagi da’voga rozi bo‘ldik”, — dedi IHTT vakili.
Biz Transkaspiy yo‘lagini alohida qo‘shimcha yo‘llar yaratmasdan foydalanishga imkon beradigan durdona sifatida qabul qilishimiz kerak. Biz bu yo‘lak ulkan salohiyatga ega ekanligini ko‘ryapmiz. Ayniqsa, agar u mintaqani iqtisodiy integratsiya qilish, bojxona jarayonlarini yengillashtirish va muvofiqlashtirishga qaratilgan imkoniyatga aylansa,deya qo‘shimcha qildi Gregori Lekonte.
Mutaxassis mintaqada savdo juda tez sur’atlarda o‘sib borayotgani, infratuzilma esa unga yetib bormayotgani haqida xavotir bildirdi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarga ham e’tibor qaratish kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Agar siz jarayonlarni raqamlashtirsangiz, masalani yengillashtirgan bo‘lasiz. Shuning uchun savdo jarayonlari tizimini isloh qilish, birinchi navbatda, ana shunday tashabbuslarga bog‘liq”, — ta’kidladi Gregori Lekonte.
IHTT vakili kamchiliklar orasida mintaqadagi hamkorlikning past darajasi, ayniqsa, dasturiy ta’minot va ma’lumot almashishdagi muammolarni ko‘rganini so‘zladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Transport yo‘laklari boshqarmasi boshlig‘i Davron Dexkanov so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston va YeI davlatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasining deyarli ikki baravarga oshganini va 2023-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich taxminan 6 milliard tonnaga yetganini ma’lum qildi.
— O‘zbekistonda xalqaro yuk tashish hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Yillik o‘sish 10% dan ortiq. 2023-yil yakuniga ko‘ra tranzit yuk tashish hajmining o‘sishi 12 foizni tashkil etdi. O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yo‘nalishi bo‘yicha tashiladigan eksport yuklarining asosiy oqimi Transkaspiy transport yo‘lagi bo‘ylab — Turkmaniston orqali o‘tuvchi janubiy yo‘nalish va Qozog‘iston orqali o‘tuvchi o‘rta yo‘nalish bo‘ylab amalga oshirilmoqda", — dedi Davron Dexkanov.
Transport yo‘laklari bo‘limi boshlig‘i Markaziy Osiyo davlatlari infratuzilmani yaxshilash, hablar va erkin savdo zonalarini barpo etish bo‘yicha ish olib borayotganini ta’kidladi.
Davron Dehqanov joriy yilda Kaspiy va Qora dengiz portlari orqali O‘zbekistonni Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi logistika tarmog‘ining bir qismi bo‘lgan 200 kilometrlik Qo‘ng‘irot-Beyneu avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinganini va foydalanishga topshirilganini eslatdi. Hozirda Qozog‘istonga yo‘nalishni qisqartiruvchi Uchquduq-Qizilo‘rda temir yo‘li va avtomobil yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Mutaxassis Toshkentdan Samarqand va Andijongacha pulli yo‘llar qurilishini ham aytib o‘tdi.
Muhokamada xususiy sektor ham ishtirok etdi. Grand Evrasia Group kompaniyasi vakili yuk tashish sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi.
“Biz logistika, jumladan, O‘zbekistondan Yevropaga boruvchi yo‘nalishda ham shug‘ullanamiz. So‘nggi uch yil davomida biz Afg‘oniston va Pokiston portlari orqali tashishni rivojlantirmoqdamiz. Bizning ishimizda avtomagistrallarda muammolar mavjud. Masalan, Qozog‘istonda bo‘lib, O‘zbekistonga yuk olib kirayotganimizda mahalliy ishchilarni hujjatlarning bor-yo‘qligi, bojxona rasmiylashtiruvi tartibi qiziqtirmaydi. Kutuvchilar navbati faqat sun’iy yo‘llar orqali harakatga kelishi mumkin. Agar pul to‘lasangiz, chegarani tezroq kesib o‘tasiz. Aks holda u yerda kamida bir hafta kutib qolishingiz mumkin”, — dedi kompaniya vakili.
Bu ularning qoidalari, ular o‘zlari o‘ylab topishgan. Hech qanday davlatlararo kelishuvlar bu muammoni hal qilishga yordam bermaydi. Bizga inson omili ta’sirini bartaraf etish mexanizmi kerak, deya qo‘shimcha qildi logistika kompaniyasi xodimi.
O‘zbekiston hukumati vakillari Qozog‘iston Transport vazirligi bilan ushbu masalalar bo‘yicha tez-tez uchrashuvlar o‘tkazilayotganini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston bojxona tuzilmalari ishtirokidagi so‘nggi yig‘ilishda qozoq-o‘zbek chegaralaridagi navbatlar masalalari muhokama qilingan.
Hukumat vakillari bojxonada qoidalarga zid holatlar uchrab turishini tasdiqladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Qozog‘iston elektron navbat tizimini joriy qilgan, O‘zbekiston esa bunday tizimni joriy etish yo‘lida. Ikki davlat o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshilash rejalashtirilmoqda, bu esa chegaradagi yuk navbatlari bilan bog‘liq vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartiradi.
6−7-noyabr kunlari Toshkentda Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan tashkil etilgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” unda axborot hamkori sifatida ishladi.