Pokistonda Balujiston provinsiyasining ma’muriy markazi Kvetta shahridagi temiryo‘l vokzalida bomba portladi. Reuters nashrining xabar berishicha, kamida 25 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Balujiston politsiyasi bosh inspektori Muzam Ja Ansariyning so‘zlariga ko‘ra, portlash nishoni harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Uning ma’lum qilishicha, yaradorlarning ahvoli og‘ir, 44 nafar yarador kasalxonaga yetkazilgan. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 53 kishi jarohatlangan.

Portlash Peshovarga ketayotgan ekspress jo‘nashga tayyorlanayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Hodisa uchun javobgarlikni provinsiya mustaqilligi uchun kurashuvchi qo‘zg‘olonchi guruh — Balujiston ozodlik armiyasi o‘z zimmasiga olgan. U Pokiston, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Xitoyda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.