Shavkat Mirziyoyev 11−13-noyabr kunlari xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonda bo‘ladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan prezident 11-noyabr kuni G‘azo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi.
12−13-noyabr kunlari O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga ko‘ra BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida qatnashadi.
O‘zbekiston prezidentining mazkur sammitlarda nutq so‘zlashi, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.