Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 31-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda onlayn kreditlar berish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilishiga izoh berdi.

Avval xabar qilinganidek, 1-noyabrdan 2025-yilning 1-apreliga qadar onlayn kredit ajratilishiga doir vaqtinchalik tartib joriy etildi. Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi (batafsil).

Regulyator raisining bunga aniqlik kiritishicha, vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qoladi.

“Biz bank xizmatlarining raqamli bozorini (onlayn-banking) haddan tashqari liberallashtirib yuborganmiz”, — deya Nurmuratovdan iqtibos keltiradi Spot.

Markaziy bank besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirmoqda, deb yozadi nashr.

MB raisi asosiy maqsad — fuqarolar mablag‘larining xavfsizligini ta’minlash ekanini ta’kidladi. U to‘lov tashkilotlari va banklarning daromadidan tashqari, mablag‘larning xavfsizligini ta’minlash zarurligini ham qayd etdi.