Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmalari tomonidan tumanlarda korrupsiyaga qarshish kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani soliq inspeksiyasi inspektori M.R. fuqaroning 11 mln 500 ming so‘m miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan o‘chirish va qarzdorlik to‘langani xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berishini aytgan. Buning evaziga fuqarodan pulning 6 mln so‘mini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Samarqand shahar mudofaa ishlari bo‘limi safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘linmasi boshlig‘i, Qurolli Kuchlar xizmatchisi S.I. va uning yordamchisi F.E. fuqaroning AQShga ishlash uchun ketgan o‘g‘liga safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni o‘tagani xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berishini bildirgan. Buning uchun 600 dollar talab qilgan. Ular kelishilgan mablag‘ni olayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.
Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qo‘riqlash bo‘limi xodimi Sh. A. fuqaroga “Qoraqo‘ton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi bo‘lgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 mln so‘m va 600 dollar talab qilgan. Ammo kelishilgan puldan qolgan 600 dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muxandisi S.Sh. esa fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turar joyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 700 dollar talab qilib, bu pulni olgan vaqtda qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.