Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 8-noyabr kuni Toshkentdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2023/2024 o‘quv yilida xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini taqdirladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
2023/2024 o‘quv yilida xalqaro fan olimpiadalarida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 122 medalni qo‘lga kiritdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qayd etishicha, bu o‘zbekistonlik o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalarida shu kungacha qayd etgan eng sermahsul natijasidir. Taqqoslash uchun, 2022-yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 46 ta, 2023-yilda esa 91 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.
Fan olimpiadalarining g‘oliblari qanday taqdirlanadi?
O‘zbekistonda xalqaro fan olimpiadalarining g‘oliblari prezidentning 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan mukofotlanadi. Sovrindor o‘quvchilar bilan birga ularni olimpiadaga tayyorlagan o‘qituvchi va murabbiylari ham bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Ayni vaqtda, istalgan olimpiadaning medali ham pul mukofoti bilan taqdirlanish uchun asos bo‘la olmaydi. G‘olib va sovrindorlari taqdirlanadigan fan olimpiadalarining ro‘yxati ham prezidentning yuqorida ta’kidlangan qarori bilan tasdiqlangan va unga 5 ta eng nufuzli, 6 ta xalqaro va 17 ta mintaqaviy — jami 28 ta olimpiada kiritilgan.
Pul mukofotining miqdori ham aynan shu nufuzga qarab farq qiladi. Masalan, eng nufuzli olimpiadada 1-o‘rinni olgan o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 500 barobari (187,5 mln so‘m), xalqaro olimpiada g‘olibiga BHMning 150 barobari (56,25 mln so‘m), mintaqaviy olimpiada g‘olibiga esa BHMning 12 barobari (4,5 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti beriladi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2023/2024 o‘quv yilida olimpiadalarda 122 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, 8-noyabrdagi taqdirlash tasdiqlangan ro‘yxatga kirgan olimpiadalarda qo‘lga kiritilgan 91 medal bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Shunga ham e’tibor berish kerakki, 91 medal — 91 o‘quvchi, degani emas. Ba’zi o‘quvchilar yil davomida bir necha fan olimpiadalarida ishtirok etib, sovrindor bo‘lgan.
Masalan, Kitob tumanidagi 96-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Madina Suyunova 65-Xalqaro matematika olimpiadasida bronza, 20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida oltin, 9-Kavkaz Xalqaro matematika olimpiadasi, 41-Bolqon matematika olimpiadasi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi matematika olimpiadasida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Ya’ni, u bitta eng nufuzli va to‘rtta mintaqaviy olimpiadada sovrindor bo‘lgan — 91 medalning 5 tasi birgina Madina hisobiga yozilgan.
Shunday qilib, 2024-yili eng nufuzli xalqaro olimpiadalarda qo‘lga kiritilgan 11 ta medal (1 ta oltin, 4 ta kumush va 6 ta bronza) uchun:
- oltin medal sohibiga — 187,5 mln so‘m, uning o‘qituvchisiga — 168,75 mln so‘m;
- kumush medal sohibiga — 112,5 mln so‘m, uning o‘qituvchisiga — 93,75 mln so‘m;
- bronza medal sohibiga — 75 mln so‘m, uning o‘qituvchisiga — 56,25 mln so‘m berildi.
Andijon shahridagi 4-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova Xalqaro nemis tili olimpiadasida oltin, Qarshi shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Jasurbek Rizoqulov esa Xalqaro iqtisod olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 2024-yilda eng nufuzli besh olimpiadadan keyingi o‘rinda turuvchi bu kabi fan musobaqalarida boshqa medallar qo‘lga kiritilgani yo‘q.
Shunday qilib, bunda:
- oltin medal sohibiga — 56,25 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 18,75 mln so‘m;
- bronza medal sohibiga — 18,75 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 11,25 mln so‘m berildi.
Mintaqaviy xalqaro olimpiadalardagi 61 ta medal (10 ta oltin, 15 ta kumush va 36 ta bronza) uchun:
- oltin medal sohibiga — 4,5 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 18,75 mln so‘m;
- kumush medal sohibiga — 3 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 13,125 mln so‘m;
- bronza medal sohibiga — 2,25 mln so‘m, o‘qituvchisiga — 11,25 mln so‘m berildi.
Umuman, 2024-yili O‘zbekistonda o‘tkaziladigan asosiy olimpiadalarning viloyat va respublika bosqichlari g‘oliblari hamda barcha turdagi xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlarini taqdirlash uchun davlat budjetidan jami 9 mlrd so‘m ajratilgan edi. Bu 2019-yilgi miqdor (780 mln so‘m)dan qariyb 11,5 barobarga ko‘p.
Pul mukofotlaridan tashqari, xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda medal olgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilariga bir qator imtiyozlar ham beriladi.
Jumladan, eng nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida qabul qilinadi. Ular keyinchalik g‘olib bo‘lgan fanidan maktablarda o‘qituvchi bo‘lib dars bersa, lavozim maoshiga har oy 150 foiz ustama oladi (muddati cheksiz, qancha faoliyat yuritsa, shuncha vaqt davomida).
Ularning o‘qituvchilariga esa kelgusi o‘quv yili uchun bir yil davomida har oy 200 foizgacha (medal turiga qarab 150, 175 va 200 foiz) ustama belgilanadi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasi beriladi.
Xalqaro (astronomiya, geografiya, iqtisod va xorijiy tillar bo‘yicha) va mintaqaviy olimpiada g‘olib-sovrindorlari esa O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirishda o‘z fanidan maksimal ballga ega bo‘ladi. Bu imtiyoz uch yil amal qiladi. Ular keyinchalik g‘olib bo‘lgan fanidan maktablarda o‘qituvchi bo‘lib dars bersa, lavozim maoshiga 100 foiz ustama oladi (muddati cheksiz, qancha faoliyat yuritsa, shuncha vaqt). Uni olimpiadaga tayyorlagan o‘qituvchining malaka toifasi esa bir pog‘ona ko‘tariladi.
Taqdirlash marosimi
Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari bosib o‘tgan yo‘llari haqida so‘zlab berdi.
23 yoshli Mohira Boltayeva kimyo fani bo‘yicha 2019-yilgi xalqaro olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritgan. Uch yildan beri o‘zi ham Toshkentdagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlab keladi. 2024-yilda Mohiraning o‘qituvchilik faoliyatida rekord qayd etildi — uning uch o‘quvchisi Xalqaro kimyo olimpiadasida oltin (Daler Rahimov), kumush (Ahrorbek Bahodirov) va bronza (Mirjahon Muhammadov) medallarni qo‘lga kiritdi.
“Men o‘quvchilar bilan ishlashda ularning ro‘parasida emas, doim yonida bo‘lishga harakat qilaman. Yosh bo‘lganim va ular boshdan kechirayotgan jarayondan o‘zim ham o‘tganim uchun o‘quvchilarim nimalarni his qilishini juda yaxshi bilaman. Ularni olimpiadalarga ham ruhan, ham aqlan tayyorlashga harakat qilaman”, — deydi Mohira.
Mohira Boltaboyeva 2023/2024 o‘quv yilining o‘zida o‘quvchilarining xalqaro olimpiadalaridagi muvaffaqiyatlari ortidan umumiy 400 mln so‘mdan ortiq pul mukofoti bilan taqdirlandi (o‘quvchilarning birgina Xalqaro kimyo olimpiadasidagi muvaffaqiyatli ishtirokining o‘zi ustozga 318,75 mln so‘m keltirgan). Darvoqe, Mohira Boltayeva 2022-yilda o‘quvchilarining yutuqlari uchun 250 mln, 2023-yilda esa 350 mln so‘m bilan mukofotlangan. Shu tariqa xalqaro olimpiadalarda medal sohiblarini tayyorlagani uchun ustoz uch yil ichida deyarli 1 milliard so‘mga sazovor bo‘ldi.
“Butun O‘zbekistonda nafaqat menga o‘xshagan, balki mendan-da kuchliroq yosh mutaxassislar bo‘lishini istayman. Qo‘ygan maqsadlaringiz sari olg‘a intiling. Chalg‘imang, hech bir stereotip sizni yo‘lingizdan qaytarolmasin!”, — dedi u o‘z so‘zida.
Mohira ustozning o‘quvchilaridan biri — Ibn Sino maktabining 10-sinf o‘quvchisi Daler Rahimov 56-Xalqaro kimyo olimpiadasida oltin medal egasiga aylangan edi. U bu yil 20-Xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasi va 58-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida “kumush"larni ham olgan. Daler g‘oliblik uchun qanday elementlar kerak bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
“Avvalo, ota-ona e’tibori: ular meni ilmga qiziqtirishdi va doimo qo‘llab-quvvatlashdi. Aniq maqsad: men kim uchundir emas, o‘zim uchun kurashdim. Munosib ustoz: ular sabab bilim bilan istalgan eshikni ochish mumkinligini tushundim. Tinimsiz mehnat: asosiy vaqtim masalalar ichida o‘tdi. Yo‘qotishlar: o‘yin-kulgulardan kechdim, do‘stlarimdan uzoqlashdim, bolaligim kimyodan iborat bo‘ldi. Mag‘lubiyat: u men uchun motivatsiyaga aylandi. Olimpiadalarni to‘rtta „kumush“ bilan tugatganim alam qilgan, ammo kitob varaqlashga baribir kuch topolganman. Oxiri natijaga erishdim”, — dedi u.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha informatika olimpiadasida bronza, 20-Xalqaro Jautikov olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘lgan, umuman, shu vaqtgacha o‘nlab xalqaro olimpiadalarda qatnashib, bronza, kumush va oltin medallarni qo‘lga kiritgan Toshkentdagi Al-Xorazmiy maktabi 10-sinf o‘quvchisi Asilbek Сuннатовning dadasi G‘affor aka esa farzandining rohatini u maktabda o‘qiyotganidayoq ko‘rgan otalardan biri ekanligidan faxrlanishini aytdi.
“Kasbim veterinariya vrachi, ayolim o‘qituvchi. Juda hayajondaman. Farzandlarimizga shunchalik e’tibor ko‘rsatilgani bizni ham ruhlantirdi. O‘g‘lim 12 yoshidan matematika va informatika bilan chuqur shug‘ullana boshlagan. Asilbek 7-sinfligida matematika olimpiadasida Nexia-3 avtomobilini yutib olib, menga sovg‘a qilgandi. Ishonasizlarmi, o‘sha avtomobilning kalitini qo‘limga tutqazganida, mashinaga o‘tirib hayajondan uni boshqara olmagandim”, — deb esladi ota.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ilm-fan tufayli O‘zbekiston bayrog‘i xalqaro maydonlarda yuksak ko‘tarilayotganini ta’kidlarkan, bunda ustozlar mehnati, ota-onalar qo‘llovining o‘rni cheksiz ekaniga urg‘u berib, ularga minnatdorlik bildirdi.
“Farzandlarimizning ilmga qiziqishi oshib borayotgani barchamiz uchun quvonarli. O‘zbekiston 2025-yilda Buyuk Sharq Renessansi xalqaro olimpiadasiga, 2026-yili esa 58-Xalqaro Kimyo hamda 38-Xalqaro informatika olimpiadalariga mezbonlik qiladi. O‘zbekistonda hali biror marta [bu darajadagi fan olimpiadalari] o‘tkazilmagan. Ustozlarimizdan ham, o‘quvchilarimizdan ham bo‘lajak olimpiadalarga ham chuqur tayyorgarlik ko‘rishlarini so‘rab qolardim, — dedi vazir.
Tadbirda 2018−2021-yillarda xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlagan, ayni vaqtda AKT vaziri hisoblangan Sherzod Shermatov ham so‘zga chiqib, o‘quvchilar va ustozlarning bunday yutuqlarini ko‘rganida doim xursand bo‘lishini aytdi va 2026-yilgi Informatika olimpiadasida oltin medalni olish kerakligini ta’kidladi.
“Bu borada bizdan nima [yordam] kerak bo‘lsa, Al-Xorazmiy maktabida barcha sharoitlarni hozirlab, bor kuchimizni sarflaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi vazir.