O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun tayyor pasportni pochta xizmati orqali olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 4-noyabrdagi qarori bilan fuqarolarning xorijga chiqish tartibiga bu boradagi qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, xorijga chiqish pasportini pochta orqali yetkazish haqida so‘rov mavjud bo‘lganda, ma’lumotlarni yig‘ish punkti xodimi hujjatni pochta xizmati xodimiga topshiradi.

Tayyor pasportni olgach, pochta xizmati xodimi ariza beruvchi bilan telefon orqali bog‘lanib, pasportni so‘rovnomada ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berishi shart. Toshkent shahri va viloyat markazlarida yetkazib berish muddati bir ish kuni, boshqa shahar va tumanlarda esa ikki ish kunini tashkil etadi.

Agar ariza beruvchi kelishilgan vaqtda ko‘rsatilgan manzilda bo‘lmasa, pasportni 10 ish kuni ichida mahalliy pochta bo‘limidan olishi mumkin.

Agar fuqaro hujjatni belgilangan muddatda olmagan bo‘lsa, pochta xizmati xodimi uni ma’lumotlarni yig‘ish punktiga qaytarishi lozim. Ariza beruvchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatib, pasportni olishi mumkin.

Pochta xarajatlari ariza beruvchi tomonidan to‘lanadi. Narxni pochta xizmati belgilaydi. Pochta xizmatlari uchun to‘langan summa qaytarilmaydi.

Hujjatga ko‘ra, pochta xizmati xodimi pasportni olgan paytdan boshlab, uni ariza beruvchiga topshirgunga yoki ma’lumotlarni yig‘ish punktiga qaytargunga qadar uning xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.

Tayyor xorijga chiqish pasporti faqat ariza beruvchining o‘ziga berilishi mumkin. 16 yoshdan oshgan shaxslar uchun olish tartibi barmoq izlarini solishtirish yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlashni o‘z ichiga oladi. Keyingi usul tartibga qo‘shimcha ravishda kiritilgan bo‘lib, ilgari faqat barmoq izlarini solishtirish nazarda tutilgandi.

16 yoshgacha bo‘lganlar uchun xorijga chiqish pasportini olish so‘rovnomasiga qo‘shimcha band kiritildi. Unda ota-ona, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki kuzatuvchi shaxslar bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirganlik, shuningdek, uni ta’minlash, ta’lim va tarbiya berish, ota-onasiga yoki yaqin qarindoshlariga yoxud O‘zbekiston hududida taqiqlanmagan va tegishli chet davlatning zarur vakolatlariga ega bo‘lgan tashkilotga topshirish majburiyatlarini buzganlik uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyul oyida hukumat migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning takomillashtirilgan tartibini tasdiqlagandi. Hujjatda 2023-yil 1-oktabrdan boshlab ID-karta va xorijga chiqish pasportlarini ularning egalariga pochta xizmati orqali yetkazib berish jarayonini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. 2023-yil 1-dekabrdan boshlab esa fuqarolarning yashash joylariga borib, migratsiya sohasida xizmatlar ko‘rsatishni boshlash rejalashtirilgandi.

2023-yil yanvaridan boshlab haydovchilik guvohnomasini pochta orqali olish mumkin. Buning uchun Yagona davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tish, davlat bojini to‘lash va guvohnoma ikki kun ichida yetkazib beriladigan manzilni ko‘rsatish kerak.