Kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan aktivlarni (egasi qonuniyligini tasdiqlay olmagan aktivlar) qaytarish doirasida yana 525 milliard tenge (taxminan 1 milliard dollar) Qozog‘istonda davlat daromadiga o‘tkaziladi, deya xabar berdi mamlakat hukumati matbuot xizmati.

Pullar Moliya vazirligi huzuridagi Maxsus davlat fondiga qaytariladi. Mablag‘larning bir qismi Arkaliqda iqtidorli bolalar uchun sport majmuasi, Ostonada tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun reabilitatsiya markazi va Olmaotada alohida ehtiyojli insonlar uchun 400 o‘rinli mashg‘ulot markazi qurilishiga sarflanadi.

Joriy yil boshidan buyon davlat budjetiga jami 900 milliard tengelik noqonuniy aktivlar qaytarildi, dedi Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektonov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar evaziga ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilmoqda.

“Tushuntirib bo‘lmaydigan boylik”

2023-yilning yozida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev “Noqonuniy olingan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Ommaviy axborot vositalarida u “tushuntirib bo‘lmas boylik”ni qaytarish qonuni sifatida tanilgan.

Qonun ta’siri ostiga mas’ul davlat lavozimlarini, davlat yuridik shaxslarida, kvazidavlat sektori subyektlarida, shuningdek, ularga affillangan tashkilotlarda lavozimlarni egallagan shaxslar tushadi. Ularning umumiy qiymati qariyb 45 milliard tenge (100 million dollarga yaqin) bo‘lgan aktivlari bo‘lishi kerak.

Aktivlarni noqonuniy olib chiqayotgan shaxslarni aniqlash bilan Aktivlarni qaytarish masalalari bo‘yicha komissiya shug‘ullanadi. Masalan, aktivlar qiymatining qonuniy daromadlar miqdoriga mos kelmasligi tekshirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Agar komissiyada shubha paydo bo‘lsa, shaxs reyestrga kiritiladi va Qozog‘istondagi va xorijdagi daromadlari, aktivlari, qarzlari ko‘rsatilgan deklaratsiyani topshirish majburiyatini oladi.

Agar shaxs aktivlarni olishning qonuniyligini tasdiqlay olmasa, ular kelib chiqishini tushuntirib bo‘lmaydigan aktivlar deb e’tirof etiladi va davlat daromadiga olib qo‘yiladi.

Tushuntirib bo‘lmaydigan boylik to‘g‘risidagi birinchi sud hujjati 2024-yil avgust oyida ijro etilgan. O‘shanda davlat daromadiga 10 million dollardan ortiq mablag‘, jumladan, qimmatbaho taqinchoqlar va tarixiy buyumlar o‘tgan.