Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) oktabr oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ikkilamchi bozoridagi avtomobillar narxlarini tahlil qildi.
O‘tgan oyda ikkilamchi bozorda Chevrolet Lacetti, Damas va Labo avtomobillari narxi pasayishda davom etdi. Spark`ning o‘rtacha narxi biroz oshdi, Cobalt va Nexia`niki esa deyarli o‘zgarishsiz qoldi.
Mashhur Lacetti modelining ko‘p masofa bosib o‘tganlarining o‘rtacha narxi sentabrga nisbatan 1,5 foizga, Damas`niki 6,3 foizga va Labo`niki 2 foizga arzonlagan. Bu modellarning kam masofa bosib o‘tganlarining o‘rtacha narxi mos ravishda 0,3 foiz, 0,6 foiz va 3,5 foizga tushdi.
“Ko‘p yurgan” Spark 2,2 foizga, “kam yurgan” Spark`lar esa esa 2,9 foizga qimmatladi.
Cobalt va Nexia narxi deyarli o‘zgarmadi.
- Lacetti: kam masofa bosib o‘tgani — 15 236 dollar (15 452 dollar), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 13 300 dollar (13 500 dollar);
- Damas: kam masofa bosib o‘tgani — 8250 dollar (8300 dollar), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 7500 dollar (8000 dollar);
- Spark: kam masofa bosib o‘tgani — 10 500 dollar (sentabrda — 10 200 dollar edi), ko‘p masofa bosib o‘tgani — 9 200 dollar (9 000 dollar).
Oktabrda Equinox krossoveri narxlari sezilarli darajada o‘zgardi: kam va o‘rtacha masofa bosib o‘tgan modellarning o‘rtacha narxi sentabrga nisbatan mos ravishda 1,5 foiz va 6,3 foizga pasaydi, ko‘p masofa bosib o‘tgan avtomobillar narxi esa 1,9 foizga oshdi.
Malibu va Tracker narxlari deyarli o‘zgarmadi. Tahlil natijalariga ko‘ra, bu avtomobillarning narxiga birinchi navbatda yurgan masofasi ta’sir qiladi, ishlab chiqarilgan yilining narxga ta’siri esa kamroq.
Oktabr oyida Equinox uchun o‘rtacha narxlar:
- Kam masofa bosib o‘tgan — 33 000 dollar (33 500 dollar);
- O‘rtacha masofa bosib o‘tgan: 30 000 dollar (32 000 dollar);
- Ko‘p masofa bosib o‘tgan — 27 000 dollar (26 500 dollar).
Elektromobillar
Oktabr oyida elektromobillar narxi sezilarli darajada pasaydi. Misol uchun, ko‘p masofa bosib o‘tgan BYD Han o‘rtacha narxi 10,2 foizga, o‘rtacha masofa bosib o‘tganiniki 2,6 foizga, yangisiniki esa 2,2 foizga arzonladi.
O‘rtacha masofa bosib o‘tgan BYD Song Plus EV Champion o‘rtacha 7,5 foizga, yangisi esa 1,2 foizga arzonladi.
Oktabr oyida elektromobillarning o‘rtacha narxlari:
- BYD Han: ko‘p masofa bosib o‘tgani — 31 450 dollar (35 000), o‘rtacha masofa bosib o‘tgani — 37 000 dollar (38 000);
- BYD Song Plus EV Champion: o‘rtacha masofa bosib o‘tgani — 27 500 dollar (29 750), yangisi — 29 000 dollar (29 350).
Metodologiya
Avtomobillar yurgan masofasi va ishlab chiqarilgan yiliga qarab quyidagi toifalarga bo‘lingan:
- 2023−2024-yillarda ishlab chiqarilgan va 20 000 kmgacha masofa bosib o‘tgan avtomobillar — kam masofa bosib o‘tgan;
- 2023−2024-yillarda ishlab chiqarilgan va 20 000 km dan 50 000 kmgacha masofa bosib o‘tgan avtomobillar, shuningdek 2021−2022-yillarda ishlab chiqarilgan va yurgan masofasi 40 000 km gacha bo‘lgan avtomobillar — o‘rtacha masofa bosib o‘tgan;
- 2023−2024-yillarda ishlab chiqarilgan va 50 000 kmdan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar, 2021−2022-yillarda ishlab chiqarilgan va 40 000 kmdan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar, shuningdek, 2020-yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar — ko‘p masofani bosib o‘tgan avtomobillar.
Avtomobil narxlarini tahlil qilish uchun MHTI olx.uz platformasidagi e’lonlardan veb-skreyping usilida foydalangan.
Avvalroq KPMG Uzbekistan O‘zbekistondagi avtomobil bozori va avtomobillar narxini belgilovchi omillar tahlilini taqdim etgandi. Tadqiqotda ta’kidlanganidek, bojlar import avtomobillar narxining 70 foizi yoki undan ko‘prog‘ini tashkil qilishi mumkin. Bozor rivojlanishidagi to‘siqlar sifatida, shuningdek, murakkab sertifikatlash talablari va yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar ham keltirilgan.
Markaziy bank o‘z sharhida yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda avtomobillar narxining o‘sish sur’atlari pasayganini qayd etgandi. Bu avtokreditlar bo‘yicha stavkalarning oshishi, shuningdek, bunday kreditlar berishning 2,1 barobar qisqarishi fonida sodir bo‘ldi. Bozor faolligining pasayishi avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovlarining oshishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.