Xitoyning Chjuxay shahrida avtohalokat oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi, 43 kishi jarohat oldi, deb xabar bermoqda South China Morning Post.
Hodisa 11-noyabr kuni sport markazi yaqinida sodir bo‘lgan. Avtomobilni Fan familiyali 62 yoshli erkak boshqargan. U yashirinishga uringanida qo‘lga olingan. Hozirda u o‘ziga yetkazgan jarohatlari tufayli koma holatida shifoxonada yotibdi. Aniqlik kiritilishicha, erkak o‘z joniga qasd qilishga uringan.
“Politsiyachilar Fanni topganda, u mashinada bo‘lgan va pichoq bilan o‘zini yaralagan. Politsiyachilar uni darhol to‘xtatib, kasalxonaga jo‘natishdi. Bo‘ynidagi jiddiy jarohatlar tufayli Fan hushida emas. Unga shoshilinch yordam ko‘rsatilmoqda va uni so‘roq qilishning imkoni yo‘q”, — deya politsiya bayonotidan iqtibos keltirdi CNN.
BBC News xabariga ko‘ra, erkak va uning xotini o‘rtasida ajrashishdan keyin mulkiy nizo kelib chiqqan, so‘ng u odamlar to‘planib turgan joyga borishga qaror qilgan.
Guvohning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda sport markazi hududida bir necha guruh odamlar bor edi. Jabrlanganlar orasida keksalar, o‘smirlar va bolalar ko‘p.