Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 17-sentabr kuni qabul qilingan va Senat tomonidan 30-sentabrda ma’qullangan. U uch oydan so‘ng — 2025-yil 12-fevralda kuchga kiradi.

1998-yildagi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risidagi qonun o‘rnini bosuvchi ushbu qonun qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tuzish, a’zolikka qabul qilish, nazorat qilish, tashqi auditdan o‘tkazish, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Hujjatda qishloq xo‘jaligi kooperativi qishloq xo‘jaligi faoliyatini yuritish maqsadida jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning pay usuli asosida ko‘ngilli ravishda birlashuvidan tashkil topgan mustaqil tijorat tashkiloti sifatida belgilangan. Kooperativ yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Pay — qishloq xo‘jaligi kooperativi mol-mulkining muayyan nominal qiymatga ega bo‘lgan, tashkilot a’zosining mol-mulkni shakllantirishdagi ishtiroki miqdorini aks ettiruvchi qismidir. Pay pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Pay badali ovoz berish huquqini va kooperativ faoliyatida ishtirok etish huquqini beradi.

Bunday kooperativlarning asosiy maqsadi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va kooperativ a’zolarining daromadlarini ko‘paytirish uchun resurslar va kuchlarni birlashtirish hisoblanadi.

Qishloq xo‘jaligi kooperativi kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxs tomonidan tuzilishi mumkin. Shuningdek, kamida uch kooperativdan iborat qo‘shma kooperativ ham tashkil etilishi mumkin.

Kooperativ tuzishga qaror qilgan jismoniy va yuridik shaxslar ta’sis qo‘mitasini tuzishlari lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifalari kooperativ ustavi loyihasini tayyorlash va bo‘lajak kooperativ ta’sischilarining ta’sis yig‘ilishini o‘tkazishdan iborat.

Ta’sis yig‘ilishida asosiy qarorlar qabul qilinadi: ustav tasdiqlash, kooperativni rasman tuzish va uning safiga a’zolarni qabul qilish. Jismoniy shaxslar uchun to‘liq ism va manzillar, yuridik shaxslar uchun esa ularning vakillarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ko‘rsatiladi.

16 yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek kooperativ ustavi talablariga javob beradigan yuridik shaxslar kooperativ a’zolari bo‘lishi mumkin. Agar kooperativ ustavida bunday taqiq bo‘lmasa, ushbu tashkilotning a’zosi bir yoki bir nechta kooperativda a’zo bo‘lishi mumkin.

Kooperativga aloqador bo‘lmagan jismoniy shaxslar va kompaniyalar ushbu tashkilotga investor sifatida kirishi mumkin.

Qonun bilan qishloq xo‘jaligi kooperativi boshqaruv organlarining, shu jumladan, kooperativ umumiy yig‘ilishi, boshqaruvi va kuzatuv kengashining aniq vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Hujjatda qishloq xo‘jaligi kooperativiga kirish va undan chiqish, kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari, ularning hisobotini yuritish, pay badallarini to‘lash bilan bog‘liq qoidalar ham o‘z aksini topgan.

Kooperativ qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, shuningdek qonun bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Avvalroq loyihani ishlab chiquvchilar hujjatga kooperativlarning uyushmaga majburiy a’zoligini kiritishga uringan edi, biroq Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov bunday uyushmani “kooperativlar vazirligi” bilan taqqoslab, bunga qarshi chiqdi.

“Endi sizlar respublikada yana bitta kooperativ uyushma tuzyapsizlar-da, hammang a’zo bo‘lasan, deyapsiz. Ertaga ular Savdo-sanoat palatasiga majburiy a’zo bo‘lishi kerak. Dehqon, fermer xo‘jaliklariga ham a’zo bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Bechora fermer dehqon, fermer xo‘jaliklariga o‘zi majburiy a’zo, unga to‘laydi. Endi bu kooperatsiyaga kiradigan bo‘lsa, unga to‘lashi kerak, u kooperatsiyasi keyin kooperatsiyalar uyushmasiga to‘lashi kerak. Ya’ni muntazam tushum ham bo‘lishi kerak ekan”, — degandi u.

“Haligi adliyadan ro‘yxatdan o‘tgan ustavga aytasizlarki, har oyda shuncha yo oyda yo yilda shuncha, deysizlar. Endi undan tashqari, ixtiyoriy mulkiy badallar va xayriyalar, chunki sizlarda shunaqa katta imkoniyatlar paydo bo‘ladiki, xalqaro grantlar olasizlar, boshqalar, ha, bo‘pti, mana, foydangdan shunga buncha tashla, buni qil, buni qil, buni qil. Ya’ni bularning ustidan tayyor vazirlik tashkil qilyapsizlar-da… Endi kooperativlar uyushmalari a’zolari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar. Endi kim xizmat ko‘rsa, undan ham sizlarga „dolya“ to‘lashi kerakmi? Nima deyapsizlar o‘zi? Beshinchi qismni umuman olib tashlaylik. Nima keragi bor bizlarga?” — degandi o‘shanda parlament quyi palatasi rahbari.

Natijada uyushmalarni tuzishga bag‘ishlangan bob chiqarib tashlandi va 54-modda bilan almashtirildi. Unga ko‘ra, kooperativlar umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish uchun kooperativlar uyushmalariga birlashishi mumkin. Kooperativlar uyushmalarini tuzish, ularning faoliyati, qayta tashkil etish va tugatish tartibi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonun bilan tartibga solinadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 835 ta agrosanoat klasteri, 90 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi va 190 dan ziyod kooperativ faoliyat yuritmoqda.