2030-yilga kelib O‘zbekiston 10−15 milliard kVt/soat elektr energiyasini xorijga eksport qila oladi. Bu haqda 6-noyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari mavzusida Spot nashriga bergan intervyusida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
“2030-yilda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 120−125 mlrd kVt/soat atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bizda ko‘plab generatsiya obyektlari mavjud — taxminan 135 mlrd kVt/soat. Infratuzilma tayyor bo‘lishi bilan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish mumkin”, — dedi Energetika vazirligi rahbari o‘o‘rinbosari.
Gap elektr energiyasini Yevropaga “kabel koridori” — “yashil yo‘lak” orqali yetkazib berish haqida bormoqda. O‘zbekiston 2030-yildan boshlab mamlakatda ishlab chiqarilgan ortiqcha “yashil” elektr energiyasini Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilishni rejalashtirmoqda. Iyulda Ostona shahrida O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston “Markaziy Osiyo — Ozarbayjon — Yevropa” “yashil energetika” yo‘lagini yaratish loyihasi bo‘yicha protokol imzolagandi. Bahorda Toshkentda bo‘lib o‘tgan investitsiyaviy forumda energetika tizimlarini integratsiyalash bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.
Avgust oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropa mamlakatlariga elektr energiyasi eksporti hajmi “kabel quvvati va hamkorlarning xohishiga bog‘liq bo‘lishini” aytgandi. Energetika vazirligi rahbari O‘zbekiston elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplaganini, shunga ko‘ra, mamlakat Yevropaga 2 dan 5 GVtgacha energiya yetkazib berishga tayyorligini aytgan.
Italiyaning CESI kompaniyasi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqmoqda.
“Biz bir kompaniyani tanladik — CESI. U allaqachon [loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish ustida] ishlay boshlagan. Texnik-iqtisodiy asoslashni tayyorlash uchun taxminan bir yarim yil kerak bo‘ladi va ular 2025-yil oxirigacha ishni yakunlaydi. Keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — tahr.). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin 2 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi”, — dedi Umid Mamadaminov.
Spot’ning Yevropaga eksport qilinayotgan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narxni bozor belgilashi, lekin har kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.
Umid Mamadaminov avvalroq O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbarlari 11−22-noyabr kunlari Bokuda bo‘lib o‘tadigan COP29 konferensiyasi (BMT iqlim konferensiyasi) doirasida “Markaziy Osiyo — Ozarbayjon — Yevropa” “yashil energetika” yo‘lagini yaratish loyihasini imzolashi haqida xabar bergan edi.
Yevropa iqtisodiyoti kunlari arafasida Umid Mamadaminov, shuningdek, O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida salmoqli yutuqlarga erishganini, biroq hozirda mamlakatda uni to‘plash va tashish uchun infratuzilma zarurligini ta’kidlagandi.
“Infratuzilma shamol va quyosh kabi uzluksiz energiya manbalarini integratsiya qilish uchun juda muhim va ko‘plab mamlakatlar bu muammoga duch kelmoqda. Bizga kamida 5000 km elektr uzatish liniyalari, jumladan, 500 kV va 200 kV yuqori kuchlanishli liniyalar va podstansiyalar kerak”, — degandi vazir o‘rinbosari.
Qayta tiklanadigan manbalarni tarmoqqa integratsiya qilish uchun qayta tiklanadigan manbalar quvvatining kamida 80% zaxira quvvatiga ega bo‘lish zarur, dedi u.
“Biz allaqachon umumiy quvvati 400 MVt dan yuqori bo‘lgan 2000 MVt dan ortiq energiya saqlash tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar imzolaganmiz, chunki ularning har biri ikki davrli tarmoq. Kelgusi ikki yil ichida biz kamida 4000 MVt bazaviy quvvatga ega bo‘lamiz. Bu haqiqatan ham quyosh energiyasi ishlab chiqarishdagi tebranishlarga tezda javob berishga yordam beradi”, — ta’kidlagan vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yaqin yillarda yaratiladigan elektr energiyasini sotib olish va sotish bo‘yicha yagona platforma hisobiga o‘z energetika tizimini muvozanatlashtira oladi. “Tojikiston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar muhim gidroenergetika resurslariga ega bo‘lib, bu bizning qayta tiklanadigan energiya manbalarini uzluksiz ishlab chiqarishimizga to‘liq mos keladi”, — deydi Umid Mamadaminov.