Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov JCH-2026 saralashining 3-bosqichi doirasida Qatarga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yin haqida fikr bildirdi.

“Kecha [tarkibga] kelib qo‘shildik. Bugun mashg‘ulotlarni boshlaymiz. Hamma tayyor, hamma bor bitta Ostonni [O‘runov] yo‘qotish demasak. Birinchi navbatda, avval ham aytib o‘tganimdek, bizga eng muhimi jahon chempionatiga chiqish vazifasi. Hozir imkoniyatimiz juda yaxshi. Xudo xohlasa, Qatarni yutsak, bundan ham yaxshi imkoniyatga ega bo‘lamiz. Shu uchun faqat uch ochko uchun harakat qilamiz”, — dedi u.

“[Turniq jadvalida] bizning ortimizda Qatar kelyapti. Iloji boricha harakat qilishimiz kerak ularni yaqinlashtirmaslik uchun. Bu tomondan ham bizga g‘alaba muhim, deb o‘ylayman”, — deydi futbolchi.

Eron va BAA terma jamoalariga qarshi saralash bosqichining so‘nggi ikki o‘yinini sog‘lig‘i sababli o‘tkazib yuborgan milliy terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets Dohadagi yig‘inda jamoaga qo‘shildi.

Eslatib o‘tamiz, Qatarga qarshi mehmondagi bahs 14-noyabr kuni soat 21:15 da Dohada bo‘lib o‘tadi. So‘ngra terma jamoa KXDRga qarshi safarda maydonga tushadi.

“A” guruhidagi to‘rtta o‘yindan so‘ng O‘zbekiston 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Eron to‘plar nisbati yaxshiroqligi (10) evaziga peshqadam. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda BAA va Qatar (4 ochkodan), Qirg‘iziston 5-o‘rinda (3), KXDR esa oxirgi (2) o‘rinda joylashgan.

Jahon chempionatining uchinchi saralash bosqichida 18 ta terma jamoa oltitadan uchta guruhga bo‘lingan. Guruhning eng yaxshi ikki jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar to‘rtinchi bosqichda o‘ynaydi, ular yana ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma, shuningdek, qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Uchinchi saralash bosqichi ikki davrada (10 tur) o‘tkaziladi. U 2024-yil 5-sentabrda boshlangan va 2025-yil 10-iyunda tugaydi.