“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov 11-noyabr kuni o‘z kanalida X ijtimoiy tarmog‘idagi IvankaNews_ sahifasida e’lon qilingan AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning iqtibosiga munosabat bildirdi. E’tiborlisi, sahifa Ivanka Tramp — Donald Trampning qizi ismi bilan nomlangan, lekin uning haqiqiy akkauntiga aloqador emas.
Postda Trampning “farzandlarimizga nomaqbul jinsiy materiallarni o‘rgatuvchi va transgender savdoyiligini targ‘ib qiluvchi barcha maktablar uchun” federal moliyalashtirishni to‘xtatish rejalari haqida so‘z boradi.
Qodirov “xastalikning o‘chog‘idagi o‘zgarish juda yaxshi” ekanini yozdi. “O‘zbekistonda bu masalada har qanday targ‘ibotni taqiqlash bo‘yicha qonun qabul qilish ustida ishlayapmiz”, — dedi deputat.
Donald Trampdan to‘liq iqtibos bunday: “Biz tanqidiy irq nazariyasi, transgender savdoyiligi yoki boshqa har qanday nomaqbul irqiy, jinsiy yoki siyosiy kontentni bolalarimizga targ‘ib qiladigan har qaysi maktab uchun federal mablag‘ni qisqartirishni rejalashtirmoqdamiz”. U, shuningdek, “majburiy emlash yoki majburiy niqob taqish amalda bo‘lgan biror maktabga bir sent ham bermasligini” aytdi.
Gender shaxsiyati ba’zi shtatlarda maktab jinsiy ta’lim o‘quv dasturlariga kiritilgan. Masalan, 2016-yildan 2018-yilgacha yetti shtat (Kaliforniya, Merilend, Michigan, Missuri, Janubiy Karolina, Virjiniya va Vashington) LGBT-inklyuziv jinsiy ta’lim dasturlarini taklif etuvchi o‘rta maktablar soni 10 foiz yoki undan ko‘proq oshganini xabar qilgan.
Tanqidiy irq nazariyasi (rasizm nafaqat individual fikr yoki noxolislik natijasi, balki AQSh huquqiy va ijtimoiy tizimida chuqur ildiz otgan deb hisoblanuvchi qarash), Amerika OAVga ko‘ra, maktablarning aksariyat qismida majburiy kurs hisoblanmaydi.
“Milliy tiklanish"ning ma’lum qilishicha, partiyaning o‘quv tadqiqotlari markazi tomonidan rahbar Alisher Qodirov bilan birgalikda O‘zbekistonda “LGBT targ‘iboti"ni taqiqlash to‘g‘risidagi hujjat ishlab chiqilmoqda.
“Bu shunchaki loyiha. Hujjat dastlabki bosqichda va partiyaning o‘zida ishlab chiqilmoqda. O‘quv tadqiqotlari markazi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega emas. Ya’ni hujjat hozircha qonun loyihasi maqomiga ega emas va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilmagan. Hujjatni ishlab chiqish tugallanib, xulosa olinsa, ana shunda Qonunchilik palatasiga kiritilishi mumkin”, — deya ta’kidladi partiya.
“Milliy tiklanish” bu masalani O‘zbekiston uchun “dolzarb” deb hisoblaydi. “Bu dolzarb, chunki bizda chet elga sayohat qiluvchilar ko‘p va internetda [bu mavzu bo‘yicha] ko‘plab materiallar mavjud. Agar hozir bolalarning ongi salbiy oqibatlardan himoya qilinmasa, keyin buni qilishning ilojisi yo‘q. Barchasi inson va bolalar huquqlari bilan bog‘liq”, — dedi partiya vakili.
2021-yil iyunida Alisher Qodirov LGBT jamiyati a’zolarini mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qilgandi. Uning fikricha, “bunday odamlar 100 yildan keyin ham o‘zbek jamiyatida yashay olmaydi, shuning uchun ularga yordam kerak”. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uning bayonotlaridan so‘ng, yuzga yaqin LGBT vakillari unga minnatdorchilik bilan murojaat qilgan.
2022-yil dekabrida O‘zbekistonda OAV, saytlar va blogerlarga “bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish"ni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu ibora sohadagi 8 ta qonunni birlashtirish taklif etilayotgan Axborot kodeksi loyihasidan o‘rin olgan.
Joriy yil avgustida IIB xodimlari tashrif buyuruvchining u yerda LGBT tarafdorlari yig‘ilishi bo‘lishi haqidagi ko‘ng‘irog‘idan keyin poytaxtdagi Riviera savdo markazidan 20 dan ortiq odamni olib ketgandi. Shu kuni do‘konlardan birida tug‘ilgan kun ziyofati uyushtirilayotgan bo‘lgan. Hibsga olinganlar orasida voyaga yetmaganlar ham bor edi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Rossiyada voyaga yetmaganlar o‘rtasida “noan'anaviy jinsiy aloqa"ni taqiqlovchi ilgari amalda bo‘lgan qonun har qanday yosh guruhiga tatbiq etilgandi, kino, internet, adabiyot va OAV orqali LGBT targ‘iboti uchun yangi jarimalar va sanksiyalar joriy qilingan.