Tarmoqlarda endi O‘zbekistonda media mahsulotlar axloqsizlikni targ‘ib qilmasligi uchun “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazilishi haqidagi muhokamalar bo‘ldi. Ma’naviyat va ma’rifat markazi axborot xizmati “Ma’naviyat ekspertizasi” loyihasi xususidagi ushbu muhokamalarga munosabat bildirdi.

Markazning qayd etishicha, loyiha bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va o‘sib kelayotgan avlodning ongiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan media mahsulotlar tarqatilishini oldini olishga qaratilmoqda.

“Ushbu loyiha media kontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga ta’siridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik so‘rovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinmoqda”, — deyiladi munosabatda.

“„Ma’naviyat ekspertizasi“ loyihasi media mahsulotlarga senzura qo‘ymaydi. Ekspertlarning faoliyati media kontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Markazning qayd etishicha, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilinmaydi.

“Ma’naviyat ekspertizasi” nima?

Avvalroq Ma’naviyat va ma’rifat markazi bunga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinomotografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan kelishilganini qayd etgandi.

“Bugun shiddatli davrda axborotlar ko‘lami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb bo‘lmaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim”, — deyiladi xabarda.

Shuning bilan tele va radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlanayotgan mediamahsulotlar, xususan, serial, multfilm, kino, qo‘shiq va kliplarni ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qayd etilishicha, hozirga qadar ma’naviy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlab bo‘lingan. Unga muvofiq, ma’naviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilangan.

Jumladan:

  • soha mutaxassislaridan tartib topgan guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hamda xorijda ishlab chiqilgan va O‘zbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ma’naviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targ‘ib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi o‘rganiladi;
  • Mediamahsulotlarning yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga ta’siri baholanadi;
  • Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari ko‘riladi;
  • Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini to‘xtatish bo‘yicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi;

“Ma’naviy ekspertiza” loyihasining to‘liq ishlashi va jamiyatda kutilgan natijani berishi uchun esa markaz barchani hamkorlikka chorlagan.

“Axloqsizlik va tarbiyasizliklar targ‘ib qilingan mediamahsulotlarni aniqlash, namoyish qilish va keng targ‘ibot qilish bo‘yicha bildirilgan har bir fikr, mulohaza va talif qimmatli. Zero ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yoshlarni azaliy milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning asosiy vazifamizdir”, — deyiladi xabarda.