X (sobiq Twitter) tarmog‘ining o‘zbek segmentida 12-noyabr kuni qiziq muhokama boshlandi. Tarmoq foydalanuvchisi Iroda Jo‘rayeva: “Siz ham kichkinaligingizda nonga navbatga turganmisiz?”, degan savolli tvit (xabar) yozib qoldirdi. Ushbu material tayyorlanayotgan vaqtda birgina uning tvitiga replay (javob) va iqtibosli retvit ko‘rinishida 40 ga yaqin munosabat bildirilgan edi (boshqa tvitlar ostida ham muhokamalar davom etyapti).
Aslida bu unchalik katta raqam emas, ammo berilgan javoblarning aksariyatida taxminan 15−20 yil avvalgi holatlar samimiy eslangani e’tiborga molik. Yoshi kattaroq foydalanuvchilar 1990-yillardagi voqealarni ham yodga olgan. Oddiy qilib aytganda, O‘zbekistonning yaqin tarixiga bir qur nazar tashlangan.
Quyida asosan yaqin o‘tmish (mustaqillik yillarida)da u yoki bu narsani sotib olish uchun navbatga turgan o‘zbekistonliklarning javoblari keltirildi (navbatga turmaganini, bolaligi to‘qchilikda o‘tganini bayon qilgan foydalanuvchilar ham bor). Alohida qayd etish joizki, muhokama faqat yegulik va gigiyena mahsulotlari uchun navbatlar atrofida borgan. Benzin yo gaz yonilg‘isi uchun navbatlar haqida gapirilmagan va so‘ralmagan.
“Siz ham kichkinaligingizda nonga navbatga turganmisiz?”, — Iroda Jo‘rayeva.
“2015−2018-yillarda Farg‘onada “Issiq non"da buxankaga ocheredda turganman”, — Husniddin Ibrohimov.
“Ha, nonga navbatda turganmiz, dalaga borib boshoq ham terganmiz”, — Hayotillo Qodirjon o‘g‘li.
“Ha, turganman. Dadam rahmatli ishda, onam rahmatli esa xasta, akam ikkimiz olib kelardik. Har bir odamga ikkita non berilardi. Yog‘gayam turganman”, — Sinchalak10.
“Litseyda o‘qigan vaqtim Qarshi [shahri]dagi „Oydin“ bozorida [nonga] navbatda turganman. Ichi yaxshi pishmagan buxankaga ertalab uzun navbat paydo bo‘lardi”, — Zafar To‘raqulov.
“Ha, qaysidir yili bir kishiga faqat ikkita non beriladi, deyilardi. Shunga akam, men, ba’zida ayam ham qo‘shilib borar edik”, — Sitora Mamarasulova.
“Turganmiz, [non] 500 so‘m edi”, — Qo‘ldashli.
“Nonga navbatda turish bo‘lmagan. Orada mahallaga yog‘ kelardi — shunga chiqardik”, — Zulfiya Karimova.
“Paxta yog‘iga”, — Emirates.
“Nonga emasu, lekin unga navbatda turganman, 1990-yillar oxirida”, — Azimjon.
“Men kichkinaligimda yog‘ga navbatda turganman. Navbating yaqinlashsayu, onang hali ham kelmasa, endi mendagi stressni ko‘ring”, — Qamarniso.
“Nonga, sutga, shakarga, yog‘ga, sovunga, poroshokka, unga, makaronga navbatda turganman — o‘smirligim deyarli navbatlarda o‘tgan”, — Feruza Izzat.
“Ertalab soat 6 da olib kelinadigan, do‘kon eshigi oldida sotiladigan, alyumin bidondagi sutning tuganmas ocheredlari-chi…”, — Hanna.
“Ko‘chamiz boshidagi buxanka keladigan novvoyxonaga non pishadigan paytni poylab chiqqanlarimiz, betartib olomon bo‘lib turgan tanish-notanish odamlar esimga tushib ketdi. To‘g‘ri, men u vaqtda kichkina bo‘lganman, nimaga bunaqa qilib olishimizni ham bilmasdim, lekin shunaqa edi”, — Nimfa.
“1995-yillarda odamlar bo‘m-bo‘sh magazindan bir buxanka nonni bo‘laklab, grammlab olgani esimda. Do‘konda non, tuz, gugurt, shakardan boshqa hech narsa bo‘lmasdi. Ba’zi ishxonalar pul o‘rniga chek berardi. O‘sha chekka narsa olardik do‘kondan. Paxta yog‘ini ham navbatga turib olardik”, — Aziz.
“[Andijonda] 2007−08 yillargacha hamma narsaga navbatda turganmiz. Yog‘, un, shakar talon bilan berilardi, 1 kilodan. Non ikki donadan, ikki soatda navbat kelardi. Donasi 140 so‘m edi. Eng qizig‘i, shunaqa muammolar qishloqlardan ko‘ra shahar markazida ko‘proq edi. Navbatsizi ham bor, ammo qimmat edi”, — Javohirbek Abdullayev.
“Poytaxt markazi uncha sezmagan bo‘lsa kerak, lekin shu [2007−2008-yillargacha] shaharning chekka qismlaridan boshlab barcha viloyatlar mahallalarida un-yog‘ norma bilan tarqatilgan. Buxanka uchun navbatlar bo‘lardi”, — Abdusaid Saidahmatov.
“Kupon, kartochka bilan oziq-ovqat olish — sovet davridan qolgan eng yomon meros bo‘lgan. Yaxshiyamki, qutulganmiz. 75 yillik sovet davrida juda ham kam yillarda bu kartochka tizimi bekor qilingani haqida o‘qigandim”, — Sanjar No‘'monzoda.
“Dadam 2 so‘m berardilar. Novvoyxonaga tungi soat 2 da borib, beshta buxanka opkelardim, donasi 40 tiyin edi. Davlat narxi 36 tiyin bo‘lgan. 4 tiyin qaytimiga magazinda to‘rtta gugurt berardi o‘shanda ham. Novvoyxona hamma uchun ham ochiq bo‘lmasdi. 3 metrli devordan oshib o‘tardim. Xo‘jayinlar ko‘rib qolsa, quvardi. Qorovul va ishchilar indamasdi. Manimcha, pul o‘z cho‘ntaklariga qolardi. Non undirganim evaziga bitta issiq buxankaning tepa qarsildoq qismini uygacha yeb borardim”, — Shuhrat Shokirjonov.
“Qishloqlarda talonga beriladigan un, shakar (jon boshiga yarim kilo), kirsovun (yarimta) va paxta yog‘i (yarim litr) magazinga keladigan kuni ertalabdan navbatda turilardi. Odamlar yozda bug‘doy jamlardi (mashoq va boshoq ham terilardi), non ko‘pincha tegirmondan un chiqarib, tandirda yopilardi. Magazin uni (jon boshiga 5 kilodan) yo tegirmon uniga aralashtirilib, manti, somsaga ishlatilardi. Marhamatning buxanka noni juda mazali bo‘lardi, ertalabdan qirg‘izistonliklar ham qop-qop olib ketishardi (u payt chegara yo‘q), qishloq magaziniga non kam kelardi. Karimov qo‘shni davlatlar nonimizni tashib ketayapti, deb bir necha bor gapirgan. Keyin Akayev „Karimov buxanki schitayet“, deb dilgir bo‘lgan. Lekin o‘zbek vertolyotlari 1992−1995-yillarda Tojikiston qishloqlariga utur-utur buxanka tashigani bor gap. O‘zbek vertolyoti ko‘rinsa, bugun och qolmaymiz, deyishgan”, — Otabek Bakirov.
“Ehhe, nonga ocheredni siz qayoqdan ham bilardingiz! Kechki soat 4 da mahalla magaziniga non keladi. Non yetishi uchun ertaroq, 2−3 soat oldin chiqib turish kerak. Ochered olib, kirib ketib bo‘lmaydi — sovuqda ko‘chada turish kerak. Chunki u supermarketmas, do‘koncha. Shunda ham ikkitadan ortiq non bermaydi, uni ham kuponga beradi. Non tugab, yetmay qolishi ehtimoli ham bor. Nolimasdik, chunki yosh bolamiz, buyam bir o‘yindek ko‘rilardi. Ikkita nonni ko‘tarib, shom payti uyga kirib kelishingiz sizni oilada qahramonga aylantirardi. Keyin buvilarimizdan ularning bolaligi haqida dahshatroq hikoyalar eshitardik. Men ham amaki sifatida aytyapman-da, nolimanglar, deb :)”, — Qahramon Aslanov.
Siz-chi, kichkinaligingizda nonga, yog‘ga, sutga, sovunga, umuman, nima uchundir navbatga turganmisiz?
Javoblaringizni kommentlarda yozib qoldiring.