12-noyabr kuni Financial Times gazetasining manbalarga tayanib xabar berishicha, Ukraina hukumati AQShning navbatdagi prezidenti Donald Tramp bo‘lishi mumkinligini hisobga olgan holda o‘zining “g‘alaba rejasi”ni ishlab chiqqan.

Reja Ukrainaga moliyalashtirishni to‘xtatish va Rossiya-Ukraina urushini tez orada tugatish tarafdori bo‘lgan Trampni o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilish uchun ishlab chiqilgani aytiladi. Ukraina va Yevropa rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Yevropa va AQShdagi ittifoqchilari, jumladan, yuqori martabali respublikachilar Trampga Ukrainaga o‘ta muhim ahamiyatdagi yordamlarni ko‘rsatishni to‘xtatmasdan, Kiyev bilan yaqindan hamkorlik qilishi uchun qanday takliflarni yaxshiroq shakllantirish bo‘yicha maslahatlar bergan.

“G‘alaba rejasi”dagi ikkita taklif Tramp uchun maxsus tayyorlangan. Birinchisi — urush tugaganidan keyin Yevropadagi ba’zi Amerika qo‘shinlarining ukrainlar bilan almashtirilishi. Ikkinchidan, Ukraina eng muhim tabiiy resurslarni g‘arblik sheriklari bilan baham ko‘radi. FT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi taklif respublikachi senator Lindsi Grem tomonidan ishlab chiqilgan, Gremning idorasi bu bo‘yicha izoh bermadi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Donald Tramp bilan uchrashuvda qayd etilgan ikkita taklifni taqdim etdi. Uchrashuvdan xabardor bo‘lgan FT manbasining aytishicha, Tramp ushbu takliflar bilan qiziqqan.

FT`ning ta’kidlashicha, Ukraina biznesi vakillari hukumatga Trampga mamlakatda kim biznes yuritishi mumkinligini aniqlash uchun “investitsiya tanlovi” vakolatini berishni taklif qilmoqda. Manbalardan birining aytishicha, bu jumla “ABC — anybody but China” (“Kim bo‘lsa ham, faqat Xitoy emas”) deb nomlangan. Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, taklif Xitoy texnologiyalari va materiallariga bog‘liq bo‘lgan Ukraina tarmoqlari, masalan, telekommunikatsiya Amerika texnologiyalariga o‘tishini nazarda tutadi. Taklifni ishlab chiqish boshlang‘ich bosqichda, ammo ba’zi ishbilarmonlar bu Trampni qiziqtirishi mumkin deb hisoblamoqda.

Bundan tashqari, manbalarga ko‘ra, Ukraina mamlakatning AQShdagi elchisi Oksana Markarovani almashtirib, “Tramp lagerini tinchlantirishga” harakat qilmoqda. Avvalroq Vakillar palatasi spikeri respublikachi Mayk Jonson Zelenskiyning AQShdagi mudofaa korxonasiga tashrifini uyushtirgani uchun Markarovani ishdan bo‘shatishni talab qilgandi. Manbalarga ko‘ra, elchi lavozimiga Ukrainaning sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba taklif qilingan, biroq u rad etgan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi va Kuleba bunga izoh bermagan.

Vladimir Zelenskiy sentabr-oktabr oylarida “g‘alaba rejasi”ni taqdim etgan. Rejadagi bandlar orasida Ukrainani NATOga taklif qilish, Ukraina armiyasini kuchaytirish, Rossiyani “yadroviy bo‘lmagan tarzda to‘xtatish” va G‘arb raketalarining Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishiga taqiqni olib tashlash kiradi. Ukraina ittifoqchilari Ukrainani NATOga taklif qilishni qo‘llab-quvvatlamagan, chunki urush davom etmoqda.