Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Ta’kidlanishicha, ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchi tashkilotlar xamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishida barqarorlikni ta’minlash maqsadida aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun majburiy badallar va to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lab borilishini ta’minlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat etilganda arizaga ilova qilinishi zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini belgilashni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilgan.
Kiritilayotgan qo‘shimchalar bilan ko‘p kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish haqida talab arz qilinganda sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ham ilova qilinishi belgilanmoqda:
- ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlari umumiy yig‘ilishining ko‘p kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risidagi qarorining ko‘chirma nusxasi;
- ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasining ko‘chirma nusxasi — ko‘p kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilgan taqdirda;
- qarz yuzaga kelgan davr ko‘rsatilgan qarz hisob-kitobi;
- qarzni uzish to‘g‘risidagi talabning qarzdorga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari ko‘rsatgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish haqidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga hamda iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Bunda ularning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8-noyabrdan kuchga kirgan.