Prezident 7-noyabr kuni kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishni soddalashtiruvchi tuzatishlarni imzoladi.
Oliy Majlis Senatining 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida boshqaruvchi kompaniyalar va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmatlar barqaror ko‘rsatilishi uchun kommunal xizmatlar uchun majburiy badallarni o‘z vaqtida to‘lash zarurligi ta’kidlangandi.
2023-yil yakuni bo‘yicha xonadon egalarining BK va UJMSH xizmatlari uchun 561 milliard so‘m qarzdorligi yuzaga kelgan. Bugungi kunda 114,4 milliard so‘m (20 foiz) qarz to‘langan bo‘lsa, 447,4 milliard so‘m (80 foiz) undirilmagan.
Senatorlar qarzni undirish uchun sudga murojaat qilishda davlat boji to‘lash zarurati BK va UJMSHlarga ko‘p hollarda uni to‘lashda qiyinchiliklar tug‘dirishini ta’kidladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ariza beruvchi da’vo miqdoridan kelib chiqqan holda davlat boji to‘lashi kerak.
Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning boshqaruv organlari (boshqaruv va servis korxonalari va UJMSHlar) endilikda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va xo‘jalik sudlariga ko‘rsatgan xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni undirish uchun da’vo, ariza va shikoyatlar berishda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.
Fuqarolik protsessual kodeksiga ham qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular kvartiralarning egalaridan majburiy badallar va to‘lovlarni undirish bo‘yicha sud qarori chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan fuqarolik sudiga murojaat qilishda arizaga ilova qilinishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatini belgilaydi:
- umumiy yig‘ilishning uyni boshqarish usulini tanlash to‘g‘risidagi qarorining nusxasi;
- uy-joy boshqaruvi shartnomasining nusxasi;
- qarzni hisoblash;
- qarzdorga qarzni to‘lash talabi topshirilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar.
Senator Odiljon Iminov avvalroq ta’kidlashicha, o‘tgan yili sudlarga kommunal to‘lovlarni undirish bo‘yicha 30 mingdan ortiq ariza kelib tushgan va ular qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilgan. Keyinchalik uylarni boshqarish bo‘yicha yo‘qolgan yoki “sifatsiz” shartnomalar tufayli qarorlarning 20 foizi bekor qilingan.
“Boshqaruv kompaniyalari qog‘ozlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chiradigan byurokratik tashkilotlarga aylanib qoldi, shu sababli iqtisodiy masalalar orqa planda qolmoqda”, — degandi u Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakilidan aholi va BK o‘rtasidagi ushbu shartnoma munosabatlari qanday o‘zgarayotganini so‘rab.
Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozod Jo‘rayevning aytishicha, “Mening uyim” billing platformasi orqali BK va xonadon egalari o‘rtasida shartnomalar mavjudligi yoki yo‘qligini nazorat qilish imkoniyati joriy etilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar 2023-yilda kommunal to‘lovlar bo‘yicha tushumlar hajmi 287 milliard so‘mni (42 foiz) tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich 490 milliard so‘mni (79 foiz) ko‘rsatgan. Bu 6,5 ming uy-joyni kapital va joriy ta’mirlash imkonini bergan.
Facebook’dagi “UJMSH va u bilan qanday yashash kerak? (O‘zbekiston)” guruhi administratori Maksim Chernikovning ta’kidlashicha, UJMSHlarning boshqaruv kompaniyalariga o‘tish davrida va hozir, BKlarni birlashtirish davrida (kichik kompaniyalar yirik kompaniyalar yurisdiksiyasiga o‘tkazilayotganda) aksariyat BKlarda “umumiy yig‘ilishning BK yordamida boshqaruv usulini tanlash to‘g‘risidagi qarori bilan bayonnomalar va uylarni boshqa BKga o‘tkazish to‘g‘risidagi umumiy yig‘ilish bayonnomalari” mavjud emas.
“Ko‘pchilik BKlar uydagi binolarning har bir egasi bilan tuzilgan boshqaruv shartnomalariga ega emas. Shu bois hozirda ko‘plab BKlar qarzdorlardan majburiy badallar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sud qarorini ololmayapti”, — dedi faol.