Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP29 sammiti doirasida 12-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Faol siyosiy va parlamentlararo aloqalar qayd etildi.
Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun metallurgiya, elektrotexnika, kimyo, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini tayyorlash taklifi muhokama qilindi.
Prezidentlar 2025-yil yanvar oyida Helsinki shahrida bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, ta’lim va ekologiya sohasidagi almashinuvlarni mustahkamlash, shu jumladan, BMTning Orolbo‘yi uchun Trast jamg‘armasi faoliyatida Finlyandiyaning faol ishtirok etishi istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.