13-noyabr kuni COP29 sammiti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasida “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qo‘shilayotgan hissa, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat tuyg‘usining natijasi ekanligini ta’kidladi.

Loyihaning ekologik ahamiyati alohida qayd etildi. Uzatiladigan energiya — bu shamol va quyosh energiyasi bo‘lib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi hamda iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.

Shu orqali tomonlar Parij bitimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mamlakatlar qayta tiklanuvchi energiyaning katta zaxiralariga ega bo‘lib, global energetik o‘zgarishlarga katta hissa qo‘shishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning muhim jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

битим, озарбайжон, ўзбекистон, yashil energiya, қозоғистон

“Yashil” energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan. O‘zbekistonda har yili 2 gigavattga yaqin quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.

Bundan tashqari, 2024-yil oxirigacha tarmoqqa qo‘shimcha 2,6 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlari va 300 megavattli energiya saqlash tizimlari ulanadi.

2030-yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, 4,2 gigavattlik energiya saqlash tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirishni jadallashtirish, jumladan, qo‘shma korxona tashkil etish, texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishish va boshqa tartib-taomillarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu mintaqaviy loyihani birgalikda amalga oshirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.