Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) Ai-80 markali benzin narxining yuqori chegarasini o‘rnatdi. Bu haqda Spot`ga bozorning bir qancha ishtirokchilari ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi va chora keskin qimmatlashgan benzin narxini “aholi manfaatlari yo‘lida” pasaytirishga qaratilganini ta’kidladi.

Qo‘mitaning 12-noyabrdagi topshirig‘iga ko‘ra, chorshanba kunidan boshlab Ai-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5 foiz miqdorida o‘sishiga cheklov joriy etildi. Bundan tashqari, bitta qo‘lga 4 tonna benzin sotish cheklovi ham saqlab qolinadi.

Shunday qilib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqargan benzinning dastlabki narxi bir tonnasi uchun 8 931 005 so‘mni tashkil etsa, joriy etilgan cheklovni hisobga olgan holda bir tonna benzinning eng yuqori narxi 9 377 555,25 so‘mga teng bo‘ladi.

аи-80 benzin, рақобатни rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, tovar-xom ashyo birjaси

12-noyabr kuni ayrim bitimlar bo‘yicha kotirovkalar tonnasi uchun 10,5−10,6 million so‘mga yetgandi. Cheklov joriy etilgandan so‘ng narxlar o‘rtacha 10 foizga — bir tonna uchun 9,3−9,4 million so‘mga tushdi.

Eslatib o‘tamiz, 6-noyabrdan boshlab suyultirilgan gaz narxlarining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foiz miqdorida cheklov joriy etilgandi. 1−5-noyabr kunlari propanning birja narxi 15,5 foizga — tonnasi 8,81 million so‘mdan 10,19 million so‘mgacha ko‘tarildi. Yillik hisobda, 2023-yil 6-noyabrga (7,04 million so‘m) nisbatan qiymati 44,7 foizga oshgan. 11-noyabr kuni propanning yopilish narxi tonnasi uchun 8,83 million so‘mni tashkil etdi.