O‘zbekistonda 6-dekabrdan kuchga kiradigan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirildi. Bu haqda 12-noyabr kuni o‘tkazilgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Saparov ma’lum qildi.
Prezidentning 5-iyundagi qarori doirasida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini tashkil etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi.
Qarorda 2024-yil 1-iyulga qadar qonun amal qiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxatini shakllantirish topshirilgandi.
Komissiya majlisi bayonnomasiga ko‘ra, ro‘yxatga 27 ta respublika darajasidagi davlat organi va tashkiloti, 71 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organi, 10 ta davlat maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimiyatlari, shuningdek, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan 49 ta xo‘jalik jamiyati va unitar korxona kiritildi.
Davlat organlari va tashkilotlari qayta tashkil etilganda, ularning nomlari o‘zgartirilganda yoki qonun hujjatlariga muvofiq yangilari tashkil etilganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ro‘yxatga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura qonunni amalga oshirish bo‘yicha namunaviy idoraviy rejani ishlab chiqdi.
Ushbu uchta idoraning ishchi guruhlari anketa va jadvallar yordamida davlat xizmatchilari uchun belgilangan cheklovlarga rioya etilishini tekshirdi. Qonunchilikka ko‘ra, vazirlik va idoralar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, shuningdek, davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan tashkilotlar va hokimiyatlar xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan.
Agentlik 2024-yilning 10 oyi davomida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 1488 nafar boshqaruv xodimi 1653 ta tadbirkorlik subyektining ta’sischisi ekanini aniqladi. Agentlik davlat organlari va tashkilotlariga xodimlarning ta’sischi sifatidagi faoliyatini to‘xtatish, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik va kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha 33 ta taqdimnoma kiritdi. Bugungi kunga kelib, ushbu xodimlarning qariyb 80 foizi talablarni bajardi.
Shuningdek, agentlik etender.uzex.uz tizimi orqali davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini masofadan o‘rganib, jami 175,4 milliard so‘mlik 127 ta manfaatlar to‘qnashuvi va 23,9 milliard so‘mlik 22 ta davlat xaridlarida g‘oliblik raqobatni cheklovchi usullardan foydalangan holda qo‘lga kiritilgan holatlarni aniqladi.
Idora ushbu davlat xaridlari natijalarini bekor qilishga erishdi.
Bundan tashqari, Hisob palatasining masofaviy tahlili natijasida mahalliy hokimiyatlarning 155 ta davlat buyurtmachisi ishtirokida 195,5 milliard so‘mlik 1400 ta davlat xaridlari bo‘yicha shartnomalar qonunchilikni buzgan holda va manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi bilan tuzilgani aniqlandi. Huquqbuzarlik sodir etgan 125 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborildi.
Avvalroq agentlik 1253 raqamli telefon yoki eanticor.uz platformasi orqali korrupsiya holatlari haqida xabar berishga chaqirgandi.