AQShning yangi prezidenti Donald Tramp tadbirkor, Tesla va Space X asoschisi Ilon Maskni hukumatning samaradorlik departamenti yangi rahbari etib tayinladi. Bu haqda siyosatchi o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Men mamnuniyat bilan shuni ma’lum qilamanki, buyuk Ilon Mask amerikalik vatanparvar Vivek Ramasvami bilan birgalikda Hukumat samaradorligi departamentiga (DOGE) rahbarlik qiladi, deb e’lon qildi Tramp.

“Bu ikki ajoyib amerikalik birgalikda mening ma’muriyatimga hukumat byurokratiyasini yo‘q qilish, ortiqcha me’yoriy hujjatlarni qisqartirish, xarajatlarni kamaytirish va federal agentliklarni qayta qurish yo‘lini ochib beradi”, — deyiladi bayonotda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi departament hukumatdan tashqarida tavsiyalar beradi va “keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarni” amalga oshirish va hukumatga nisbatan “avval ko‘rilmagan” tadbirkorlik yondashuvini yaratish uchun Oq uy, shuningdek, budjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.

Tramp, shuningdek, Pentagon rahbari lavozimiga nomzodni ilgari surdi. Bu lavozimga u Fox News boshlovchisi va Guantanamo, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan armiya faxriysi Pit Xegsetni taklif qildi.

Foto: GlobalLookPressFoto: GlobalLookPress

“Pit qattiqqo‘l, aqlli va Amerikaning hamma narsadan ustun ekaniga chin dildan ishonadi”, — dedi Tramp.

Bundan tashqari, Tramp ichki xavfsizlik vaziri tayinlanganini ham e’lon qildi — bu lavozimni Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem egallaydi.

Foto: X / @kristinoemFoto: X / @kristinoem

O‘z bayonotida Tramp uni “chegara xavfsizligi masalasida juda kuchli” deb atadi va u Milliy gvardiya qo‘shinlarini Texas va Meksika chegarasiga gubernator sifatida yuborganini ta’kidladi. Noem bu lavozimda bo‘lganida immigratsiyani kun tartibidagi asosiy bandga aylantirdi va Jo Bayden ma’muriyatining bu boradagi siyosatini keskin tanqid qilgan.

Ilon Mask Trampning saylovoldi kampaniyasi davomida uning atrofidagi “muhim shaxs”ga aylandi. U Trampga mablag‘ taarflama yordam ko‘rsatgan, u bilan ko‘p vaqt o‘tkazgan va, ma’lumotlarga ko‘ra, uning kadrlar bo‘yicha qarorlariga ham ta’sir qila boshlagan, shuningdek, Trampning xorijiy yetakchilar bilan kamida ikkita telefon qo‘ng‘irog‘ida sherik bo‘lgan.