Samarqand viloyatida 8-sinf o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi. Bu haqda Nemolchi.uz xabar qildi.

Qiz 23-sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, oradan ma’lum vaqt o‘tgach, ular qizlari yo‘qolgani haqida ariza yozishgan. Badanida zo‘ravonlik izlari bo‘lgan qiz 6-oktabr kuni topilgan. Qizning so‘zlariga ko‘ra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburlab, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zo‘rlashgan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borishgan.

Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha ishtirokchilar aniqlanib, tegishli sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

“Qiz yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, ish bir-ikki kun avval ochilgan va zo‘rlaganlar orasida prokuraturada ishlovchi shaxs ham bo‘lishi mumkin (ammo u eski sana bilan ishdan bo‘shatilgan) — ehtimol bu ishning kech ochilishi va gumonlanuvchilar hali ham ozodlikda yurganiga sabab bo‘lgandir. Jabrlanuvchining yaqinlari bilan suhbatda bo‘lgach, Nemolchi.uz tahririyati qizga yordam berishi kerak bo‘lgan idoralar bu ishga qanchalik bepisandlik bilan yondashganidan xavotirda”, — deyiladi xabarda.

Jabrlanuvchining yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, 7-oktabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketgan. Qiz esa ekspert erkak bo‘lgani uchun ekspertizadan bosh tortgan. Shuning uchun ekspertiza 10-oktabr kuni (yana qarindoshlarsiz) o‘tkazilgan. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.

Qizning qarindoshlari prokuraturaga borishganida tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan ekan. Vaholanki, qizga psixiatrik emas, psixologik yordam kerak bo‘lgan.

“Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmadi. Lekin qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasiga jarima solishdi. Ko‘p bolali oilaga (5 nafar farzandlari bor) 1,2 mln so‘m miqdorida jarima solishdi. Ayni damda qiz maktabga borishdan qo‘rqib turibdi, negaki hamma bo‘lgan voqeadan xabardor”, — deyiladi xabarda.

“Yuqorida aytganimizdek, gumonlanuvchilar ozodlikda. Ular qizning yaqinlarining ustidan ochiqchasiga kulib yurishibdi. Ular ish kech ochilgani uchun jazodan qochishlariga ishonishmoqda, chog‘i. Nega ish faqat 119 modda bo‘yicha qo‘zg‘atildi? Odamni o‘g‘irlash (Jinoyat kodeksining 137-moddasi), uning erkiga qarshi zo‘rlik ishlatib uni ushlab turish (138-modda), qiynoqqa solish-chi (110-modda)? Oilani hech kim „Inson“ ijtimoiy himoya markaziga yo‘naltirmadi. Idoralararo o‘zaro ta’sir qani? Nahotki barcha tartiblar faqat qog‘ozda qolsa?”, — deya qo‘shimcha qilgan nashr.

Nashr gumonlanganlardan biri Turkiyaga qochib ketganini ham tahmin qilmoqda. Qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim o‘tkazilayotganini ham qayd etgan.

“Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bolalar ombudsmani va Bosh prokuraturani ushbu masalani o‘z nazoratiga olish va boshqa idoralar bilan birgalikda bolalarga do‘stona tizimni yaratish bo‘yicha harakat qilishga chaqiramiz. Aks holda, bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun rasmiy qog‘oz bo‘lib qolaveradi”, — deya xabarni yakunlagan Nemolchi.uz.

Ichki ishlar vazirligi “Gazeta.uz”ga holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini tasdiqladi. Vazirlik matbuot xizmati barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangani, o‘rnatilgan tartibda tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalar tayinlanganini ma’lum qildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.