Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish uchun ommaviy tartibsizliklarni uyushtirmoqchi bo‘lgan gumonlanuvchilar qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur uyushgan guruh ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash maqsadida tuzilgan. Har bir ishtirokchida rollar taqsimlangan (tashkilotchilar, ko‘makchilar, moliyachilar, ijrochilar).
Shunday qilib, Bishkek atrofida sport o‘yinlari va boshqa musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgandi. Milliy sport o‘yinlarini o‘tkazish bahonasida ular 2024-yil 17-noyabrda mahalliy kengashlarga saylov kuni zo‘ravonlik harakatlariga chaqirish, konstitutsiyaga zid da’vatlarni ilgari surish, hokimiyatni keyinchalik zo‘ravonlik bilan egallash uchun vaziyatni beqarorlashtirish niyatida edi, deyiladi IIV bayonotida.
Holat yuzasidan to‘plangan materiallar asosida IIV tomonidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 36 — 278-moddasi 1-qismi (Zo‘ravonlik, qirg‘in, o‘t qo‘yish, mol-mulkni yo‘q qilish, o‘qotar qurol, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qo‘llash yoxud hokimiyat vakillariga qurolli qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tezkor-tergov tadbirlari davomida mazkur guruh a’zolari bo‘lgan 7 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular orasida Qirg‘izistonda tug‘ilganlar, shuningdek, chet elliklar bor. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Tekshiruvda guruhga tegishli omborxonadan ommaga ichirish uchun saqlab kelinayotgan 1000 shisha aroq, 2000 shisha mineral suv, 1 tonna guruch, so‘yish uchun 1 ot va ommaviy tartibsizliklar qatnashchilariga palov tayyorlash uchun mahsulotlar olib qo‘yildi.