Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining bir qismi xususiylashtirilganini e’lon qildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibiga kiruvchi “O‘ztemiryo‘lkonteyner” korxonasining 35 foiz aksiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan savdolarda 200 milliard so‘m taklif etgan Cotton Logistics kompaniyasi g‘olib chiqdi. Qayd etilishicha, xaridorning taklifi “korxonaning baholangan qiymatidan yuqori”.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan Alkes Research konsalting kompaniyasi turli potensial investorlarga investitsiya tizerlarini yuborgan. Natijada MDH, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va arab davlatlaridagi 6 nafar xalqaro va mahalliy investor tomonidan sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar kelib tushgan.
Keyingi bosqichga 5 nafar talabgor o‘tgan va faqat 3 nafari o‘z takliflarini taqdim qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Cotton Logistics kompaniyasi korxonaning biznes jarayonlarini raqamlashtirish va respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, yuk tashishda tannarx va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni ta’minlash rejalashtirilgan.
Davaktiv to‘lov qanday shaklda: to‘liq yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirilishini keltirmagan.
Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq “Xalqchil IPO” dasturi doirasida “O‘ztemiryo‘lkonteyner”ning 4 foiz aksiyalarini mahalliy fond bozorida ommaviy taklifi o‘tkazilishi belgilangan.
Korxona haqida
Spot nashrining yozishicha, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ 2002-yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining ixtisoslashtirilgan shu’ba korxonasi sifatida tashkil etilgan. U davlat kompaniyasining konteyner parkini boshqaradi va O‘zbekistonda konteyner yuk tashishni tashkil etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Prezident tomonidan 2023-yil bahorida tasdiqlangan xususiylashtirish dasturida O‘TYning “O‘ztemiryo‘lkonteyner”dagi ulushi sotilishi ko‘rsatilgan. Konteyner parki operatori aksiyalarining 4 foizini “Xalqchil IPO” orqali sotish rejalashtirilgan.
Aksiyalarni sotib olish uchun arizalarni qabul qilish o‘tgan yilning sentabr oyida boshlangan. Biroq oradan bir oy o‘tmay, DABA O‘TYni qayta tashkil etish jarayoni davom etayotgani sababli uning tarkibida “O‘ztemiryo‘lkonteyneri” negizida “Temiryo‘lkargo” kompaniyasi tashkil etilishi munosabati bilan jarayonni to‘xtatgan.
2023-yilda “O‘ztemiryo‘lkonteyner”ning sof foydasi 137,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Xaridor haqida
Cotton Logistics 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1 mln tonnadan ortiq yuk aylanmasi va 480 ta vagondan iborat shaxsiy harakat tarkibi parkiga ega O‘zbekistondagi eng yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, kompaniya boshqaruvida 1000 dan ortiq harakat tarkibi mavjud.
Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarilayotgan vagonlar O‘zbekistondan MDH, Yevropa Ittifoqi, Turkiyaga (jumladan, portlar va paromlar orqali) eksport qilinadigan mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, quritilgan mevalar, yong‘oqlar, dukkaklilar va boshqa yuklarni tashishda foydalaniladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda vagonlar Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekistondagi yuklarni (poliyetilen, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, bo‘yoqlar, qog‘oz, shinalar, dori-darmonlar, qurilish va yog‘och materiallari, metall konstruksiyalar, po‘lat blankalar, quvurlar, ko‘mir va boshqalar) tashish uchun ishlatiladi.
Cotton Logistics kompaniyasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomaga ega. Kompaniya o‘zining harakatlanuvchi tarkibi parkini shakllantirgan va O‘zbekistonda birinchi quruq port — First Dry Port Terminal yaratish loyihasini amalga oshirgan.
Cotton Logistics kompaniyasining yagona asoschisi Shuravina Yekaterina Vladimirovna, rahbari Pavel Viktorovich Djurayev hisoblanadi.
Kompaniyaning First Dry Port Terminal`dagi ulushi 69,3 foizni tashkil etadi, qolgan 30,7 foizi hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston (Turkmendemirellari) va O‘zbekistonning (“O‘zbekiston temir yo‘llari”) rasmiy yuk agenti bo‘lgan Transit Group OU`ga tegishli.