Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Qatar bilan uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Srechko Katanets o‘rniga uning yordamchisi Vlado Radmanovich ishtirok etdi.
Vlado Radmanovich terma jamoa futbolchisi Otabek Shukurov bilan birga savollarga javob berdi va Katanets shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra matbuot anjumanida qatnashmayotganini aytdi.
“Ertangi uchrashuv haqida gapiradigan bo‘lsak, har bir o‘yin, albatta, qiyin bo‘ladi. Ertangi o‘yin Qatar uchun ham, O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham katta ahamiyatga ega. O‘zimizning terma jamoamiz haqida gapiradigan bo‘lsak, futbolchilarning barchasi ertangi uchrashuvga tayyor”, — dedi Vlado Radmanovich.
Otabek Shukurov ham futbolchilar o‘yinga tayyor ekanini va ular yaxshi kayfiyatdaligini qayd etdi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar O‘zbekiston amaldagi Osiyo chempioni bilan uchrashuvdan nimalar kutayotgani va o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani haqida savol berdi.
“Bizning terma jamoa ertangi uchrashuvga 100 foiz tayyor. Qatar terma jamoasi haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Ularning oldingi 3−4 uchrashuvini tahlil qilib chiqdik. Ular bilan o‘ziga xos o‘yinlar tarixiga egamiz. Bu borada tajribamiz yetarli. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, yaqinda ham biz Osiyo kubogi doirasida uchrashdik. Shu sababdan aytishim mumkinki, terma jamoa ertangi uchrashuvga tayyor va yutqazmaslik yaxshi natija bo‘ladi, deb hisoblash mumkin”, — dedi bu savolga javoban Vlado Radmanovich.
Jurnalistlar, shuningdek, bosh murabbiy yordamchisiga O‘zbekiston oxirgi paytda Osiyoda futboli o‘sib kelayotgan terma jamoalardan biri hisoblanishi, oldingi saralashlarda esa jamoaga jahon chempionatiga chiqish uchun ozgina omad yoki nimadir yetishmay qolganini qayd etib savol berdi.
“Shularni inobatga olgan holda, hozirgi kunda O‘zbekiston terma jamoasi qanchalik tayyor, bu jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun jamoa qanday holatda?”, — deya so‘radi jurnalistlardan biri.
“O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan 3 yildan beri birgamiz. Uch yildan buyon ushbu futbolchilar guruhi bilan ishlab kelyapmiz. Shu bilan birga, chempionat o‘yinlarida ham barcha futbolchilarni kuzatib kelamiz. Nafaqat oliy liga, balki birinchi, ikkinchi va barcha ligalardagi futbolchilarni kuzatib, nazoratini olib boramiz. Shu sababdan hozirgi kunda milliy terma jamoa shu darajaga yetib kelganki, biz har qanday raqibga qarshi qanday o‘ynash kerakligini va o‘zimiz qanday holatda ekanimizni yaxshi bilamiz”, — dedi bu savolga javoban bosh murabbiy yordamchisi.
Bundan tashqari, Vlado Radmanovich O‘zbekiston juda qiyin guruhdan o‘rin olgani va payshanba kundagi uchrashuvda birgina epizod o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini aytdi.
“Boya aytib o‘tganimdek, juda ham qiyin guruhdan o‘rin olganmiz. Shu sababdan har bir uchrashuv biz uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Guruhdagi jamoalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, Eron bo‘ladimi, BAA bo‘ladimi, barchasi kuchli terma jamoalar hisoblanadi. Bittagina aniq zarba, bitta dribling yoki bitta xato ertaga uchrashuv natijasiga ta’sir o‘tkazishi mumkin”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoa hujumchisi Eldor Shomurodov 12-noyabr kuni bergan intervyusida terma jamoaning jahon chempionatiga chiqish imkoniyati yuqori ekanini ta’kidlagandi. Unga ko‘ra, Qatarga qarshi bo‘lajak o‘yinda futbolchilar uch ochko qo‘lga kiritishga harakat qiladi.