AQShning yangi prezidenti Donald Tramp o‘zining bo‘lajak adminstratsiyasini shakllantirmoqda. Quyida Meduza nashrining mazkur jarayonga atalgan materiali tarjimasini keltiramiz.
Davlat kotibi
Tramp ma’muriyatidagi tashqi siyosat idorasiga Florida shtatidan senator Marko Rubio boshchilik qilishi mumkin — bu haqda avval The New York Times, keyin esa boshqa ko‘plab yirik Amerika ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib yozdi.
Tramp va Rubio 2016-yilgi respublikachi prezidentlik saylovlarida bir-biriga raqib bo‘lgan — o‘shanda ular bir-birini qattiq tanqid qilgan, ammo keyinchalik ularning munosabatlari yaxshilandi. 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasi davomida Rubio bir vaqtlar Tramp tomonidan vitse-prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rib chiqilgan va oxir-oqibat uning ishonchli vakiliga aylangan.
53 yoshli Rubio kongressdagi asosiy “qirg‘iy”lardan biri hisoblanadi. U Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, Eron, Venesuela va Kubaga nisbatan qat’iy pozitsiyaga ega. Shunday qilib, 2019-yilda, NYT`ning eslatishicha, aynan Rubio Trampni Venesuelaga qarshi keng qamrovli sanksiya siyosatini amalga oshirishga ishontirishga yordam berdi, bundan prezident Nikolas Maduroni lavozimidan chetlatish maqsad qilingandi (bu oxir-oqibat amalga oshmadi).
Rubio ham Xitoyga nisbatan qat’iy pozitsiyada. U Xitoy hukumati tomonidan inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida Pekinga nisbatan cheklov choralarini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan Kongressdagi ikki partiyaviy komissiyaning hamraisi edi. 2020-yilda u uyg‘urlarning majburiy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan Xitoy tovarlarini import qilishni taqiqlovchi qonun loyihasining hammualliflaridan biriga aylandi.
NY Times nashrining yozishicha, Ukrainadagi urush haqida avvallari Rossiya haqida juda keskin fikr bildirgan Rubio so‘nggi paytlarda Tramp bilan bir xil ritorikaga amal qilmoqda: u mojaro boshi berk ko‘chaga kirib qolganini va uni tugatish bo‘yicha yechim topish kerakligini ta’kidlaydi. Nashrga ko‘ra, davlat kotibi lavozimini egallab, u Ukraina hukumatiga bosim o‘tkazishi, ularni yaqin kelajakda NATOga qo‘shilishdan bosh tortgan holda Rossiya bilan kelishuvga erishishga undashi mumkin.
NY Times nashrining ta’kidlashicha, agar Rubio davlat kotibi bo‘lsa, asosiy masala Osiyoda Xitoyning ta’siriga qarshi kurashish zarurati va Trampning AQShning xalqaro mojarolarga aralashuvini kamaytirish niyatlari o‘rtasidagi muvozanatni qanday topishi bo‘ladi.
Mudofaa vaziri
Mudofaa vaziri lavozimiga bosh da’vogar dastlab 2018-yildan 2021-yilgacha Tramp ma’muriyatida davlat kotibi lavozimida ishlagan Mayk Pompeo edi, ammo saylangan prezidentning o‘zi 9-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Pompeo uning yangi ma’muriyatiga kirmasligini yozgan.
Hozir Amerika ommaviy axborot vositalarida ko‘plab familiyalarni ko‘rish mumkin, ulardan eng tanilgani Vakillar palatasining qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi Mayk Rojersdir.
AP nashrining yozishicha, ehtimol, Tramp potensial nomzodlar orasidan AQShning xorijdagi mojarolarda ishtirokini maksimal darajada cheklash istagini ma’qullagan, ammo, shu bilan birga, Eronga nisbatan qat’iy pozitsiyani egallaganlarni tanlashi mumkin. Biroq Pentagonning bo‘lajak rahbari “Tramp nima xohlasa, shuni qilishga” tayyorligi asosiy omil bo‘ladi, deb hisoblaydi agentlik (biz avvalroq Tramp Pentagon rahbari lavozimiga Fox News boshlovchisi va Guantanamo, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan armiya faxriysi Pit Xegsetni taklif qilgani haqida yozgandik).
Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi
Donald Tramp kongressmen Mayk Uolzni milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchi etib saylaganini tasdiqladi. 50 yoshli Uolz — Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrikada xizmat qilgan AQSh maxsus kuchlari faxriysi. U, xususan, 2021-yilda Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqilishini keskin tanqid qilgani bilan tanilgan.
Potensial davlat kotibi Mark Rubio kabi Uolz ham Xitoyga nisbatan o‘ta qat’iy yo‘l tutmoqda. U Qo‘shma Shtatlarni koronavirusning kelib chiqishi va uyg‘urlarning huquqlari buzilishi haqidagi ayblovlar tufayli 2022-yilda Pekinda bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiadani boykot qilishga chaqirganlardan biri edi.
Ukraina masalasida Uolz avvalroq Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlagan, biroq so‘nggi paytlarda AQShning ushbu yo‘nalishdagi xarajatlarini qayta baholash zarurligini ta’kidladi.
Maykl Uolz Trampning uzoq yillik va sodiq tarafdori. Associated Press`ning eslatishicha, u 2020-yilda prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Trampning ovoz berish natijalariga e’tiroz bildirish harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.
BMTdagi doimiy vakil
AQShning BMTdagi doimiy vakili lavozimiga Tramp so‘nggi yillarda “kongressdagi Trampning eng ashaddiy tarafdorlaridan” biri bo‘lgan Vakillar palatasi a’zosi Eliza Stefanikni taklif qildi.
Foto: TASS
CNN telekanalining ta’kidlashicha, Stefanikning tanlanishi AQSh BMT bilan qat’iy munosabatlar o‘rnatmoqchiligidan dalolat beradi. Stefanik tashkilotning Isroilga nisbatan pozitsiyasi uchun uni bir necha bor tanqid qilgan. Oktabr oyida u Vashington agar Falastin ma’muriyati Isroilning tashkilotga a’zoligini to‘xtatishga urinishda davom etsa, BMTning moliyaviy mablag‘larini “to‘liq qayta baholash” imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan.
2023-yilda Stefanik AQShning yirik kollejlari rahbarlariga qarshi kampaniyaga boshchilik qildi, uning fikricha, talabalarning ommaviy namoyishlarida antisemitizmga qarshi yetarlicha kurashilmagan. O‘sha kampaniya yakunlari bo‘yicha Garvard va Pensilvaniya universiteti prezidentlari iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan.
Trampning birinchi ma’muriyatida Nikki Xeyli BMTning doimiy vakili lavozimini egallagan. 2024-yilda u Trampning respublika praymerizidagi asosiy raqibiga aylandi. Xeyli raqibiga qarshi agressiv kampaniya olib bordi, ammo poygadan chiqqanidan keyin uni omma oldida qo‘llab-quvvatladi. Biroq qayta saylangandan so‘ng Tramp Xeylini ma’muriyatdagi biron-bir lavozimga taklif qilmasligini aytdi.
Oq uy ma’muriyati rahbari
Tramp Syuzan Uaylsni o‘z apparati rahbari etib tayinladi — bu saylangan prezidentning kadrlar bo‘yicha rasman e’lon qilingan ilk qarori edi. 67 yoshli Uayls bu lavozimni olgan tarixda birinchi ayol bo‘ldi.
Foto: Reuters
Uayls Trampning butun saylovoldi kampaniyasini de-fakto boshqargan — 2016 va 2020-yillardagi kampaniyalardan farqli o‘laroq, Tramp janjallarga deyarli duch kelmadi va kampaniyaning o‘zi o‘ta tartibli va puxta o‘ylangan bo‘lib chiqdi.
CNN manbasining so‘zlariga ko‘ra, Uayls lavozimga tayinlanishidan oldin Trampdan o‘zidan oldingilarga qaraganda ko‘proq vakolatlarga ega bo‘lish, jumladan, Oval kabinetga kirishni nazorat qilish bo‘yicha kafolat olgan.
Avvalgi prezidentlik davrida Tramp Oq uy ma’muriyatining to‘rt nafar rahbarini almashtirgan. Bu lavozimda hammadan ko‘proq (deyarli bir yarim yil) Jon Kelli xizmat qildi. Ishdan bo‘shatilgandan so‘ng u ko‘plab intervyularda Trampni bir necha bor tanqid qilgan.