Ukrainada kelgusi prezident sayloviga tayyorgarlik boshlandi, taxmin qilinayotgan sana — 2025-yil 25-may, deb yozadi Britaniyaning Economist nashri.

Gazetaning ta’kidlashicha, Ukraina prezidentining ofisi ovoz berishga tayyorgarlikni rad etmoqda va nashr bilan suhbatlashgan manbalarning aksariyati uning bo‘lishiga shubha bilan qaraydi. Urush paytida ushbu jarayonning tashkil etilishi va qonuniyligi haqida savollar mavjud, deb ta’kidlaydi Economist.

“Shunga qaramay, ma’lum bir tayyorgarlik ishlari boshlanganga o‘xshaydi”, — deyiladi xabarda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hududiy saylov shtablari safarbar qilinmoqda, nomzodlar ro‘yxati ham tayyorlanmoqda.

Prezident Vladimir Zelenskiyning “ehtimoliy raqiblaridan biri”ning vakillari Ukrainaga saylovlar kerakligini aytmoqda, ammo ular “prezident ofisining keskin munosabatidan qo‘rqib, bu haqda ochiq bayonot berishdan cho‘chiyapti”.

Agar saylov ertagayoq o‘tkazilsa, Zelenskiyga 2019-yilda raqibi Pyotr Poroshenko bo‘lgan paytda erishgan ishonchli g‘alabasini “takrorlash qiyin bo‘lardi”, deb hisoblaydi nashr. Economist tomonidan o‘tkazilgan ichki so‘rovlarga ko‘ra, Zelenskiy ikkinchi turda Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyga qarshi pastroq natijalarni ko‘rsatgan bo‘lardi. U shu yilning fevral oyida lavozimini tark etgan va Buyuk Britaniyadagi elchi etib tayinlangan. Zalujniyning o‘zi, garchi ko‘pchilik uni prezidentlikka nomzodini qo‘yishga chaqirsa-da, siyosiy ambitsiyalari haqida gapirmagan, deya qayd etadi gazeta.

Shu bilan birga, agar Zelenskiy boshqa muxolifat nomzodlariga qarshi qo‘yilsa, uning qayta saylanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Amaldagi prezidentning sobiq hamkasbi, Zelenskiy qabul qilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi qaror — iste’foga chiqish va prezidentlik lavozimida faqat bir muddat qolish haqidagi dastlabki va’dasini bajarish ekanini aytdi.

“Zelenskiyda dog‘ tushmagan obro‘ bilan ketishning yagona yo‘li bor. Bu o‘z ishtirokisiz saylov o‘tkazish va urushda millatni birlashtirgan inson sifatida tarixga kirishdir”, — deya tushuntirdi u.

Nashrning ta’kidlashicha, buning muqobili harbiy inqiroz yoki to‘liq bo‘lmagan tinchlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. So‘nggi oylarda kuzatilayotgan frontdagi vaziyatning yomonlashishi Ukraina jamiyatining kayfiyatiga ta’sir qilmoqda. Ukraina rasmiylari, shuningdek, AQSh prezidenti saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp Kiyevni tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishga majburlashi mumkinligidan xavotirda, bunda Ukrainaning NATOga a’zoligi bekor qilinadi va Rossiya bosib olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qoladi.

  • Ukrainada prezidentlik saylovi 2024-yil 31-mart kuni o‘tkazilishi kerak edi, biroq mamlakatda harbiy holat joriy qilingani sababli bunday bo‘lmadi. Zelenskiy o‘tgan yilning noyabr oyida “hozir saylovlar vaqti emas”, “hozir mudofaa vaqti, jang vaqti” degan edi. Ukrainaliklar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, aholining aksariyati urush tugagunga qadar saylovlarni o‘tkazishga qarshi.