Bokuda bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammit (COP29) doirasida Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi o‘rtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Energetika vazirligining ta’kidlashicha, loyiha qurilishi jarayonida 600−800 tagacha yangi ish o‘rni yaratiladi. Stansiya har yili 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi, bu esa yiliga 1 mlrd kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Loyiha orqali karbonat angidrid chiqindilari yiliga 1,4 mln tonnaga kamayadi.
O‘zbekiston va Masdar kompaniyasi hamkorligida shu paytgacha umumiy quvvati 1497 MVt bo‘lgan loyihalar, jumladan, Zarafshonda shamol elektr stansiyasi (500 MVt) va Karmanada (100 MVt), G‘allaorolda (220 MVt), Kattaqo‘rg‘onda (220 MVt) va Sherobodda (457 MVt) quyosh elektr stansiyalari foydalanishga topshirildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyatining Olot tumanida (250 MVt) va Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida (300 MVt) quyosh elektr stansiyalari qurilmoqda.
O‘tgan yilgi COP28 konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Masdar kompaniyasi bilan strategik sheriklik shartnomasini imzolagan edi.