“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning oktabr oyi yakunlariga.

Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil oktabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan oktabr oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.

“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar

Intervyu. Monopoliya, raqobat va ijtimoiy mas’uliyat haqida — Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol bilan suhbat

Toshkentda 16−17-oktabr kunlari Markaziy Osiyo universitetlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” unda ma’ruza qilgan fransiyalik iqtisodchi, Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol bilan suhbatlashdi. Intervyuning ingliz tilidagi asl ko‘rinishini mana bu havola orqali tomosha qilish mumkin.

O‘zbekistonda parlament saylovlari qanday o‘tdi?

O‘zbekistonda 27-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” YouTube’da bu jarayon haqida bir necha lavhalar e’lon qildi. Misol uchun, tahririyat a’zolari Toshkentdagi 621-saylov uchastkasida ovoz berishning yakunlanishi va ovozlarni sanash qanday boshlanganini kuzatdik. Shuningdek, poytaxt aholisi va mehmonlarining saylov haqidagi fikrlarini bilish uchun ularga mikrofon tutildi.

So‘rovnoma. Toshkentda issiqlik ta’minotining yoqilmayotgani aholiga qanday ta’sir qilyapti?

Oktabrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekiston shaharlarida, ayniqsa, Toshkentda “Issiqlik ta’minoti qachon boshlanadi?”, degan savol kun tartibiga chiqdi. Aksariyat hududlarda issiqlik ta’minoti noyabrgacha yoki noyabr kirib kelishi bilan berildi, ammo Toshkentda bu jarayonga noyabrning 7-sanasiga kelibgina boshlandi. Toshkent rasmiylari buni issiqlik ta’minoti yoqilishi uchun havo harorati ketma-ket 5 kun +8 darajadan past bo‘lishi kerakligi bilan izohladi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinib, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Intervyu: O‘zbekistonda ipoteka qachon arzonlashadi?

O‘zbekistonda kreditga uy olmoqchi bo‘lgan odam borki, uni “ipoteka narxlari qachon pasayadi?” degan savol o‘ylantiradi. Hozirda O‘zbekistonda o‘rtacha ipoteka stavkasi 25 foizni tashkil etadi. Xo‘sh, o‘zi ipoteka narxi qanday shakllanadi? Nega O‘zbekistonda u bunchalik qimmat? Qanday qilib uni arzonroq qilish mumkin? Commonwealth Partnership konsalting kompaniyasi tahliliy guruhi rahbari Aleksey Letunovskiy ipoteka kreditlari bo‘yicha shu kabi savollarga javob berdi.

Intervyu: Tibbiyot biznes sifatida, o‘z-o‘ziga tashxis qo‘yish va davolash. Shifokor-terapevt Javohir Xolmuhamedov

Biz har doim o‘zimizga qanday shifokor kerakligini bilamiz. Ammo bemorlarni tor sohadagi mutaxassislarga yo‘naltirish uchun terapevtlar bor. Shunga qaramay, oramizda kamdan-kam odam tish shifokori yoki sartarosh kabi muntazam qatnaydigan terapevtiga ega. Qanday qilib terapevtlar bizning e’tiborimizdan chetda qolib ketgan? Terapevtlar o‘zi bizga kerakmi? Shifokor-terapevt Javohir Xolmuhamedov shu kabi savollarga javob berdi.

Reportaj: Eski shaharda yashovchi oila “Obod mahalla” tufayli uysiz qoldi

Olmazor tumani hokimligi tashabbusi bilan 2024-yilning yozida “Hastimom” mahallasida obodonlashtirish ishlari boshlangan edi. “Obod mahalla” dasturi doirasida muhandislik tarmoqlari almashtirilib, ta’mirlanib, uy-joylarning tashqi qismini ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Mahalladagi uylarning aksariyati bundan 100 yil avval paxsadan qurilgan. Aholining xavotirlariga qaramay, ish boshlanishidan avval umumiy yig‘ilishda birorta ham uyga zarar yetmasligiga ularni ishontirishgan. 2-oktabr kuni Inog‘omovlar oilasining ikki qavatli uyi qulab tushdi. Bu uyda yashovchilarning so‘zlariga ko‘ra, bunga uy yaqinidagi ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgan. Keyinroq yana bir uy quladi. “Gazeta.uz” har ikki holat bo‘yicha reportajlar tayyorladi.

Reportaj: Noqulay obodonlashtirish: Sergelidagi mahalla yo‘li nima uchun shossega aylandi?

Sergeli tumanidagi mahalla ichidan o‘tuvchi Dorilomon ko‘chasi trassaga aylanib qoldi. Bunga 2024-yilning avgust oyida qo‘shni So‘g‘diyona ko‘chasi qurilish ishlari uchun yopilgani sabab bo‘ldi. So‘g‘diyona ko‘chasi ochilgandan keyin ham — polosalar soni 4 tadan 1 tagacha qisqartirilishi, transport harakati bir tomonlama bo‘lishi, ko‘chaning o‘zi esa gastronomik yo‘lakka aylantirilishi tufayli — vaziyat keyinchalik ham o‘zgarmasligi mumkin.

Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari

Afisha.uz. “O‘zbek tilining obro‘sini ko‘tarishimiz kerak”: mutaxassis Saida Rashidova bilan intervyu

O‘zbek tili oyi hisoblangan oktabrda Afisha.uz birinchi marta podkast formatini sinovdan o‘tkazib, ilk mavzu sifatida o‘zbek tili haqida suhbat qurdi. Buning uchun o‘qituvchi-mutaxassis, hozirda o‘zbek tilini zamonaviy kurslar asosida targ‘ib qilib, eng qulay va qiziqarli formatda ta’lim berayotgan Saida Rashidova mehmon sifatida taklif etildi.

Spot. Shokolad biznesi qancha daromad olib keladi?

Murodilla Alimbayev tarjimonlik karerasidan so‘ng kinoteatr biznesi bilan shug‘ullana boshlab, koronavirus pandemiyasi davrida qiziqishlari ortidan 200 dollar pul bilan Iman chocolate & fruits’ga asos solgan. Hozir 50 dan ortiq turda shokolad ishlab chiqaradi, Qozog‘iston va Xitoyga eksport qiladi. Spot tadbirkor bilan shokolad biznesi haqida suhbatlashdi.

Spot. iPhone 16 Pro vs iPhone 15 Pro

Spot jurnalistlari Apple sentabrda taqdim etgan iPhone 16 Pro’ni bir avlod avvalgi model — iPhone 15 Pro bilan taqqosladi. Videoda qurilmalarning texnik tuzilishi, xususiyatlari va yangi funksiyalari, afzalliklari solishtiriladi. Yangi iPhone olsammi-yo‘qmi, deb ikkilanayotgan bo‘lsangiz, bu qisqa video aynan siz uchun.

Spot. Rus tilida. “Gastronomik” ko‘chaga aylantirilgan Taras Shevchenko ko‘chasiga sharh

Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasining bir qismini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha ishlarining birinchi bosqichi 11-oktabr kuni yakunlandi. Spot bu ko‘chada nimalar o‘zgarganini ikki daqiqa ichida ko‘rsatib, tushuntirib berdi.

Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar

Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil oktabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.

NmaGap. “Zamon nozik: bola-chaqam bor”. Abror Muxtor Aliy

“NmaGap” loyihasining oktabr oyidagi sonlaridan birida bloger Abror Muxtor Aliy mehmon bo‘ldi. Suhbat YouTube’ning o‘zida 1,3 mln marta ko‘rildi va loyiha tarixidagi eng ko‘p ko‘rilgan ikkinchi videoga aylandi.

IsomTV. Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga safar: 21−22 kun

Sentabr oyidagi jamlanmada qayd etilganidek, IsomTV jamoasi yozda boshlangan trend ta’sirida Toshkentdan Qoraqalpog‘iston tomon yo‘lga chiqqandi. 8-oktabr kuni bloger manzilga yetib borgani haqidagi videoni kanaliga joyladi. Uning oktabr oyida eng ko‘p ko‘rilgan videosi esa safarning 21−22 kunlari haqidagi lavha bo‘ldi.

Subyektiv. “Osmondan pul yog‘adigan” davlatni izlab…

Ko‘chib borganlarga pul, qizlariga uylanganlarga fuqarolik va’da qilayotgan davlatlarning shartlari qanday? “Subyektiv” navbatdagi ko‘rsatuvida migratsiya mavzusiga to‘xtaldi. Videoda o‘zbekistonliklar 60 dan ortiq mamlakatlarga vizasiz borishi mumkinligi, ular orasida Amerika qit’asidagi davlatlarning ham borligi, Yevropa va Kanadadan mustaqil ish topish yo‘llari, O‘zbekistonda 50 mln so‘mgacha oylik maoshlar egasini kutayotgani haqida gap boradi.

Markaziy sektor. Real Madrid yoki Barselona? — Davron Fayziyev

“Markaziy sektor”ning oktabrdagi eng ko‘p ko‘rilgan soni “Real Madrid” va “Barselona” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin oldidan sharhlovchi Davron Fayziyev bilan birga olingani bo‘ldi (o‘yin “Barselona”ning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi).

Lolazor. Energetika vaziri bilan: Boysun fojiasi, AES, 200 kilovatt va hokazo

“Lolazor”ning energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mehmon bo‘lgan soni oktabr oyida eng ko‘p ko‘rildi. Loyiha mualliflari mehmon bilan qish mavsumiga tayyorgarlik, Boysundagi fojia, AES qurilishi masalasi, suyultirilgan gaz, 200 kVt va energetikaga aloqador boshqa mavzularda suhbatlashdi.

NQE. Siz bilmagan Davron Fayziyev | Teacher Azam, Davron Fayziyev, Kunduziy

Teacher Azam’ning “Nozik qalb egalari” podkastida bu safar sport sharhlovchisi Davron Fayziyev mehmon bo‘ldi. A’zam Qahramoniy (Teacher Azam) va bloger Kunduziy podkast davomida mehmonning keng tomoshabinlar ommasi uchun noma’lum bo‘lgan qirralarini ochishga harakat qildi.

BuSoqqa. O‘zbek YouTube’ida pul bormi? | ‪@intervyuTV‬ , ‪@omonxon‬, ‪@nmagap

“Gazeta.uz” yil boshidan beri YouTube’ning o‘zbek segmentida e’lon qilinayotgan kontentlar haqida jamlanmalar tayyorlab keladi. Xo‘sh, o‘zi o‘zbekistonlik mualliflar bu platformadan pul ishlay olyaptimi? Blogerlar qanday pul topadi va uni qanday sarflaydi? “BuSoqqa” loyihasining navbatdagi sonida Mirshakar Fayzulloyev turli yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi uch loyiha mualliflari bilan tajriba, xatolar, bosib o‘tilgan yo‘l va xulosalar haqida suhbatlashdi.

U kim edi? Dunyoning ilk milliarderi | Jon Rokfeller

Bloger Nurbek Alimov tarixiy shaxslar hayotini yoritishga qaratilgan “U kim edi?” loyihasining navbatdagi sonini insoniyat tarixidagi birinchi dollar milliarderi, tadbirkor Jon Rokfellerga bag‘ishladi.

Bu Podkast. Futbol va hayot maktabi — Xayrulla Hamidov

“Bu Podkast” loyihasining navbatdagi sonida taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov mehmon bo‘ldi.

Susambil. Afsungarlar jangi (Jujutsu Kaisen) — afsonaviy animening o‘zbek tilidagi tahlili

“Susambil” loyihasining navbatdagi soni so‘nggi yillarning eng muvaffaqiyatli anime loyihasiga aylanib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan Jujutsu Kayzen, ya’ni “Afsungarlar jangi” haqida bo‘ldi. Xo‘sh, uning muvaffaqiyati siri nimada? Qanday qilib yosh ijodkorning debyut ishi bunchalik shov-shuv ko‘tardi?

102tv. Andijondan Qoraqalpog‘istongacha piyoda

“102tv”ning “Muvaffaqiyat kalitlari” podkastida bu gal Andijondan Qoraqalpog‘istonga piyoda yo‘lga chiqib, o‘ziga xos trend muallifiga aylangan Shohjahon O‘razaliyev mehmon bo‘ldi. “Gazeta.uz” avvalroq uning safari va Instagram’da mashhur bo‘lib ketgani haqida material tayyorlagandi.

Qurultoy. Eng qadimgi tillar ӏ Tillarning bir-biriga qarindoshligi ӏ Turkiy til ajdodlari

“Qurultoy”ning avvalgi qismlarida turkiy tillar tarixi va buguni haqida ko‘p suhbatlashilgan. Oktabr oyida eng ko‘p ko‘rilgan sonda esa uning eng qadimgi davri haqida gap bordi. Fanda oltoy tillari oilasi degan tushuncha bor. Unga ko‘ra, turkiy tillar mo‘g‘ul, tungus, hatto yapon va koreys tillariga qarindosh sanaladi. Podkastda mazkur nazariya haqida tarix fanlari doktori, professor G‘aybulla Boboyorov bilan suhbat bo‘lgan.

Pakapak. Hamma Windows’lar bitta videoda!

“Pakapak” loyihasining navbatdagi sonida Windows’ning barcha versiyalari haqidagi ma’lumotlar bir joyga yig‘ildi.

Uzbekonomics. So‘m erkinligiga yetti yil to‘ldi

O‘zbekistonda 2017-yil sentabrida o‘tkazilgan valyuta islohotiga 7 yil to‘ldi. Uzbekonomics podkastining 2024-yil oktabr sonida iqtisodchi Botir Qobilov va Behzod Hoshimov valyuta konvertatsiyasi yopiq bo‘lgan davr va undan keyingi vaziyat haqida suhbatlashdi.

Dialog. O‘z pulingni o‘zing asra

Otabek Bakirovning “Dialog” loyihasida bu safar O‘zbekiston Markaziy banki kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Olimjon Tolipov mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida Kiberxavfsizlik va CERT markazining asosiy vazifalari, firibgarlikning eng ko‘p uchrayotgan turi, kiberhujumga uchragan odam nima qilishi kerakligi, antifrod tizimi va yana ko‘plab mavzular haqida gaplashildi.

Otasiz. Otam meni o‘limdan saqlab qolgan

“Otasiz” podkastining oktabrdagi yagona sonida shoira Farida Afro‘z mehmon bo‘ldi. U podkastda otasi bilan o‘tgan eng yaxshi damlari, otasi bergan o‘gitlar, otasizlikning qiyinchiliklari va ota sog‘inchi haqida gapirdi.

1000KITOB. Iste’dodlar — O‘zbekistonning eng katta boyligi

“1000KITOB” loyihasi podkastining oktabrdagi yagona sonida Aloqa Ventures kompaniyasi hammuassisi Davron Parmonov hamda Tahrirchi va Tilmoch loyihalari asoschisi Muhammadsaid Mamasaidov mehmon bo‘ldi. Podkastda ular bilan venchur kapitali, startaplar, sun’iy intellekt va mashinaviy tarjimaning kelajagi, shuningdek, o‘zbek tilidagi imlo muammolari va umuman loyiha haqida suhbatlashildi.

Hoshimov iqtisodiyoti. Natalya Naumenko — SSSRdagi 1933-yilgi ocharchilikda ukrainaliklarning etnik diskriminatsiyasi

“Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasining oktabr sonida iqtisodchi Behzod Hoshimov Jorj Meyson universitetining iqtisodiyot bo‘yicha professori Natalya Naumenko bilan SSSRda 1930-yillarda kuzatilgan ocharchilikda ukrainaliklarning etnik kamsitilishi mavzusida suhbatlashdi. Natalya Naumenko iqtisodiyot tarixiga ixtisoslashgan olima hisoblanadi.

Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?

Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.