“O‘zbekkosmos” agentligi Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi “Yangi hayot” aerodromida kosmik texnologiyalar va injiniringga ishtiyoqi baland maktab o‘quvchilari uchun CanSat tipidagi sun’iy yo‘ldoshlarning sinov parvozlarini o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha xorijiy hamkorlar, shuningdek, NazarX markazi va Sehriyo maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

100 dan ortiq yosh ishtirokchi o‘zining mini-sputniklarini ishlab chiqdi. Dronlar yordamida modullar 200 va 500 metr balandlikka ko‘tarildi, u yerda balandlik, harorat, bosim va inklinometriya haqidagi ma’lumotlar qayd etildi.

“Ushbu texnologik yutuqlar orqali ishtirokchilarning kosmik tadqiqotlarga ilk qadamlari qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.

CanSat — bu oddiy soda idishining hajmi va shakliga birlashtirilgan haqiqiy sun’iy yo‘ldosh modeli. Talabalar oldiga qo‘yiladigan vazifa — sun’iy yo‘ldoshda joylashgan quvvat va aloqa kabi barcha asosiy quyi tizimlarni 350 ml lik bankaga sig‘dirishdir. Raketa yoki bog‘langan aerostatdan qo‘yib yuborilgandan so‘ng, CanSat ma’lum bir missiyani bajarishi va yerga xavfsiz qo‘nishi kerak.

Bundan tashqari, tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan pnevma-gidro raketalarning uchiruv tanlovi ham bo‘lib o‘tdi. “Yoshlarning o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan raketalari osmon uzra ko‘tarilib, ularning ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqini yanada yuksaklarga olib chiqdi”, — ta’kidlanadi “O‘zbekkosmos” xabarida.

CanSat loyihasi yoshlarning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni aerokosmik sohaga jalb qilishning yangi yo‘llarini ochish platformasiga aylandi, deya ta’kidladi agentlik.