Tahririyatdan: Avvalroq qizning oilasidan 6-noyabrda ariza olingani haqidagi ma’lumotda ariza olingani sanasida xatoga yo‘l qo‘yilgan edi. Aslida Bosh prokuratura tomonidan ariza qiz topilgan kunning o‘zida — 6-oktabr kuni olingan va tergov boshlangan. Yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun uzr so‘raymiz.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 8-sinf o‘quvchisini o‘g‘irlash va zo‘rlash jinoyati bo‘yicha 9 nafar gumonlanuvchi aniqlangan, ularning 8 nafari ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
13-noyabr kuni zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi ushbu dahshatli voqea haqida xabar bergandi. Qiz 23-sentabr kuni o‘g‘irlab ketilgan. Uning yo‘qolishi munosabati bilan yaqinlari huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan. Maktab o‘quvchisini faqat 6-oktabr kuni topishga muvaffaq bo‘lingan, uning tanasida zo‘ravonlik izlari mavjud bo‘lgan.
Qizning aytishicha, uni kaltaklashgan, spirtli ichimliklar va taqiqlangan moddalarni iste’mol qilishga majburlashgan, zo‘rlab ushlab turishgan va jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilishgan. Xabar e’lon qilingan paytda jinoyatning barcha gumonlanuvchi ishtirokchilari, shu jumladan, prokuraturaning bir xodimi ham erkinlikda yurgan, deb xabar berdi Nemolchi.uz. Loyihaning ta’kidlashicha, qizni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish majburiyatiga ega bo‘lgan barcha idoralar o‘z vazifalariga noprofessional yondashgan va ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan.
Hayot Shamsutdinov 6-oktabr kuni ariza olingandan so‘ng boshlangan dastlabki tergov davomida Qo‘shrabot tuman prokuraturasi ish yurituvchisining ishga aloqadorligi aniqlanganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur xodim 30-oktabr kuni viloyat prokurorining buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.
Dastlabki tergov, sud-tibbiy va biologik ekspertiza natijalariga ko‘ra, 31-oktabr kuni Ishtixon tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shundan so‘ng ish ichki ishlar organlariga yuborilgan.
Tergov va tezkor qidiruv harakatlari davomida 9 nafar gumonlanuvchi aniqlanib, ular tergovga jalb etilgan. Sakkiz nafar shaxs, shu jumladan, sobiq prokuratura xodimi qonuniy tartibda ushlangan. Yana bir shaxsni qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.
Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ustidan Bosh prokuratura nazorat o‘rnatgan.