Biznesmen Ilon Maskning saylangan prezident Donald Trampning yonida deyarli doimiy bo‘lishi siyosatchining atrofidagilarni bezovta qila boshladi, deb yozdi NBC News manbalarga tayanib.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, 5-noyabr, saylov kunidan beri Tesla, SpaceX va X kompaniyalari rahbari Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib turibdi, u yerda hozirda respublikachilarning o‘tish guruhi ishlamoqda. Telekanal suhbatdoshlarining fikricha, Mask siyosatchi jamoasining “oyog‘ini bosmoqda” va o‘z roli doirasidan tashqariga chiqmoqda.
“U o‘zini hamprezidentdek tutyapti va buni hamma bilishiga ishonch hosil qilishni xohlamoqda”, — dedi manbalardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, “prezidentning g‘alabasida Maskning xizmatlari katta”, jumladan, u o‘zining America PAC (milliarder Trampning kampaniyasiga yordam berish uchun yaratgan fond) superqo‘mitasi va X ijtimoiy tarmog‘i bilan maqtanadi.
“U prezident Trampni o‘zidan qarzdor his qildirishga harakat qilmoqda. Prezident esa hech kimdan qarzdor emas”, — deya qo‘shimcha qildi telekanal suhbatdoshi.
Telekanal manbalariga ko‘ra, Mask kunning istalgan vaqtida qarorgohda bo‘lib, Tramp bilan birga o‘tirib, jumladan, boshqa davlatlar rahbarlari bilan qo‘ng‘iroq va uchrashuvlarda ham qatnashmoqda. Avvalroq Mask Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatiga qo‘shilgani xabar qilingandi.
NBC’ga yana bir manbasining aytishicha, Maskning “hamma narsa haqida o‘z fikri bor” va u buni shu qadar qat’iyat bilan bildiradiki, bu Tramp doirasini bezor qilmoqda. “U hamma narsada o‘z so‘zi bordek ko‘rinishni istaydi. Garchi bunday bo‘lmasa ham”, — deya qo‘shimcha qildi kanal suhbatdoshi.
Manbaga ko‘ra, siyosatchining ba’zi maslahatchilari Mask “Tramp dunyosida” muvaffaqiyatli ishlash uchun soyada yurish qanchalik muhimligini tushunmaydi, deb hisoblaydi. Ular, shuningdek, Mask yangi ma’muriyat maqsadlariga e’tibor qaratishdan ko‘ra, o‘z manfaatlarini olg‘a surayotganiga ishonadi.
Mask, shuningdek, Trampga saylanganidan keyin Vashingtonga birinchi safari va Oq uyda amaldagi prezident Jo Bayden bilan uchrashuvida hamrohlik qildi.
“Ilon uyga qaytishni xohlamayapti. Men undan qutulolmayapman”, — deb hazillashgan Tramp, NBC manbalariga ko‘ra, o‘tgan chorshanba kuni Vakillar palatasi respublikachilari bilan uchrashuvda.
Wall Street Journal ham Tramp va Mask o‘tgan haftada “ajralmas bo‘lganini” yozdi. Nashrning qayd etishicha, siyosatchining qarorgohi “dunyodagi eng muhim bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”ga aylangan va yangi ma’muriyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqchi bo‘lganlar uchun “Maskning radariga tushish deyarli birdek muhim”.
Saylangan prezidentning matbuot kotibi Karolin Livitt WSJ’ga “Ilon Mask va prezident Tramp — ajoyib do‘stlar va Amerikani yana buyuk qilish uchun birga ishlayotgan qoyilmaqom rahbarlar” ekanini aytdi.
Biroq, nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Trampning Maskka munosabati, ayniqsa, siyosatchini rasmiy tadbirlarda “soyada qoldirsa” yoki dunyo yetakchilari bilan uchrashuvlarda yetakchilikni qo‘lga kiritishga harakat qilsa, tezda o‘zgarishi mumkin.
Tramp shu haftada Mask yangi hukumat samaradorligi departamentini (DOGE) boshqarishini e’lon qildi. Uning vazifasi boshqaruvda “keng ko‘lamli tarkibiy islohotlar o‘tkazish va tadbirkorlik yondashuvini yaratish” bo‘ladi.
Mask Trampni saylovda ochiq qo‘llab-quvvatladi va uning saylovoldi kampaniyasida faol ishtirok etib, kamida 119 million dollar xayriya qildi. U, shuningdek, X platformasida Trampni muntazam ravishda targ‘ib qildi. Reuters’ning yozishicha, Mask Trampning g‘alabasiga pul tikib, hukumat regulyatsiyasi va subsidiyalarga qattiq tayanadigan kompaniyalarini himoya qilmoqchi.