Farg‘ona viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ohak sexi fosh etildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Tashkilotning Farg‘ona shahri bo‘limi, IIB va “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro N.I. va boshqalar ijaraga olingan binoda tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ohak ishlab chiqarish sexi tashkil etgani aniqlangan.
Ular umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 1 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Davlat va jamiyat manfaatlariga 2,6 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.