O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “yashil” sanoatlashtirishda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida qo‘shimcha grant ajratish to‘g‘risida memorandum imzoladi, deb xabar berdi vazirlik axborot xizmati.
13-noyabr kuni BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Tomonlar konferensiyasi 29-sessiyasi (COP29) doirasida tomonlar loyihalarning joriy holati, xususan, 2023-yil dekabr oyida imzolangan “O‘zbekistonda xususiy sektorga ko‘mak va iqtisodiy siyosatlar bo‘yicha maslahatlar” loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muhokama qilgan.
O‘shanda Germaniya xususiy sektorning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda “yashil” sanoatni rivojlantirish uchun 9 million yevro miqdorida grant ajratgandi.
Loyiha ishtirokchilari karbonat angidrid gazini o‘lchash va sertifikatlash bo‘yicha ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, Germaniya tomoni O‘zbekistonga xorijda CO2 sertifikatlari savdosini amalga oshirishda ko‘maklashmoqda va Yevropa Ittifoqining transchegaraviy uglerod nazorati tizimiga (CBM) moslashishga yordam bermoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar ushbu loyiha doirasida 3 million yevro miqdorida qo‘shimcha grant ajratishga kelishib oldi.
Avvalroq energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekiston yil oxirigacha uglerod bozori faoliyatining huquqiy asoslari va uglerod narxini shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqishni rejalashtirganini ma’lum qilgandi.
Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston karbonat angidrid emissiyasini kamaytirganlik uchun Jahon banki to‘lovini olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lgandi. O‘zbekiston uglerod emissiyalarini 500 ming tonnaga kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan. Buning uchun Jahon banki mamlakatga 7,5 mln dollar grant ajratgan. Mablag‘ning bir qismi elektr energiyasi va gaz tariflari oshishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.