Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlariga qonuniy migratsiya 2023-yilda rekord darajaga yetdi. Migrantlar oqimi ularning iqtisodiga COVID pandemiyasi va Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan yuzaga kelgan inflyatsiya inqirozidan chiqishga yordam berdi, biroq bu saylovchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi, deb yozdi Financial Times.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili 6,5 millionga yaqin odam IHTT tarkibiga kiruvchi 38 davlatga ko‘chib o‘tgan. Bu 2022-yilgi ko‘rsatkichlardan deyarli 10 foizga ko‘p.

Xizmat sohasida ishga yollanishning eng katta o‘sishi Buyuk Britaniyada kuzatilgan — u yerga 750 000 kishi ko‘chib borgan.

Kanada, Fransiya va Yaponiyada ham rekord darajalar yuz bergan. AQSh 1,2 million qonuniy immigrantni qabul qilgan.

“Gap faqat pandemiyadan avvalgi natijalarga yetib olish haqida emas”, — dedi IHTT xalqaro migratsiya bo‘limi rahbari Jan-Kristof Dyumon. Bu tendensiya xorijlik ishchilar va xorijda malaka oshirishga bo‘lgan yuqori talabni aks ettiradi, dedi u.

Goldman Sachs investitsiya banki tomonidan shu hafta e’lon qilingan tahlil shuni ko‘rsatdiki, Kanada, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Germaniya va Buyuk Britaniyada 2023-yil boshidan beri bandlik o‘sishida deyarli barchasi immigratsiyaga to‘g‘ri kelgan, shuningdek, AQShda ishchi kuchini 4 milliondan ortiqqa oshirgan.

Rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga migratsiyaning ijobiy ta’siriga qaramasdan, rivojlangan mamlakatlardagi ko‘plab saylovchilar migratsiya ko‘lamining o‘sib borayotgani va noqonuniy ravishda kelgan boshpana izlovchilardan norozi, ammo ular migrantlar umumiy sonining kichik qismini tashkil qiladi.

Saylovchilarning bunday munosabati bu yil qayta saylanishi kerak bo‘lgan IHTTning barcha amaldagi hukumatlari xalq ovozining bir qismini yo‘qotishiga olib keldi, ba’zi hukumat amaldorlari o‘z lavozimlarini yo‘qotdi. Misol uchun, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasini millionlab noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish va’dalari asosida qurdi.

An’anaga ko‘ra ko‘p sonli yangi migrantlarni qabul qilgan IHTTning boshqa mamlakatlari kirish qoidalarini kuchaytirdi. Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya ish bilan bog‘liq migratsiyani cheklash choralarini kiritdi, Kanada esa birinchi marta vaqtinchalik fuqarolar sonini chekladi.

Har uchala davlat ham xalqaro talabalarga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqmoqda, ularning soni ortib borayotgani qizib ketgan uy-joy bozorlariga bosim manbai sifatida qaralmoqda. Britaniyada magistratura talabalariga endi oila a’zolarini olib kelish taqiqlanadi, Avstraliya va Kanadada esa o‘qish to‘lovlari oshirilgan va talabalar soni cheklangan. Gollandiya ham xuddi shunday choralarni ko‘rmoqda — u yerda ingliz tilida o‘qitiladigan kurslar sonini cheklash rejalashtirilmoqda.

“2025-yildan boshlab [umumiy migratsiya] qisqarishi ajablanarli bo‘lmaydi”, — dedi Dyumon. Bu qonuniy migratsiya yo‘llari kichrayib borayotgani sababli “qarama-qarshilikning kuchayishi"ga olib kelishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.