Sirdaryo viloyatida pora olganlikda gumonlangan YHXB katta inspektori sud qilindi. Bu haqda “Bu kun” dasturi xabar qildi.

Qayd etilishicha, katta inspektor yo‘l-transport hodisalaridan birini rasmiylashtirib, yo‘lovchilardan birining tan jarohati og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlagan. Haydovchining avtomobili o‘sha kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Bir necha kundan so‘ng inspektor haydovchini o‘z xizmat xonasiga chaqirgan. U 400 dollar evaziga haydovchiga dastlabki tekshiruv materiallarini uning foydasiga hal qilishni, sud-tibbiy ekspertiza natijalarini yengillashtirish va avtomobilni jarima maydonchadan qaytarib olishga ko‘maklashishni va’da qilgan.

Biroq haydovchi inspektorning taklifini rad etib, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida katta inspektor o‘z xizmat xonasida 200 AQSh dollari olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Sud katta inspektorni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida (Pora olish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 3 yil muddatga ichki ishlar organlarida har qanday lavozimni egallash huquqidan mahrum qilgan holda, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.