Bugun, 14-noyabr kuni soat 21:15 da futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 saralashining uchinchi bosqichi doirasida Dohada Qatarga qarshi maydonga tushadi.

жч-2026 saralash, futbol, қаtaр

O‘zbekiston to‘rtinchi tur yakuniga ko‘ra, “A” guruhida 10 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Eron to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgani evaziga peshqadamlik qilmoqda. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda BAA va Qatar (4 ochkodan), Qirg‘iziston 5-o‘rinda (3), KXDR esa oxirgi (2) o‘rinda joylashgan.

O‘zbekiston terma jamoa hisobida ayni vaqtda uchta g‘alaba bor — KXDR bilan (1:0), Qirg‘iziston bilan (2:3) va BAA bilan (1:0) o‘yinda o‘zbekistonlik futbolchilar raqiblaridan ustun keldi. Shuningdek, terma jamoa Eron bilan o‘z maydonida durang o‘ynadi (0:0).

Qatar o‘z maydonida BAAga (1:3) va safarda Eronga (4:1) mag‘lub bo‘ldi, KXDR bilan durang o‘ynadi (2:2) va Qirg‘izistonni mag‘lub etdi (3:1).

O‘zbekiston va Qatar terma jamoalari so‘nggi bor 2024-yilning fevral oyida Osiyo Kubogi chorak finalida to‘qnash kelgan va o‘shanda o‘zbekistonlik futbolchilar penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgandi (o‘yin 1:1 hisobida, penaltilar seriyasi esa 3:2 hisobida tugagan). O‘shanda Qatar musobaqa keyingi raqiblarini ham mag‘lub etib, Osiyo chempioni bo‘lgandi.

Jamoalar umumiy hisobda o‘zaro 15 marta to‘qnashgan. O‘zbekiston hisobida 9 g‘alaba, 3 durang va 3 ta mag‘lubiyat bor. Urilgan gollar soni ham O‘zbekiston terma jamoa foydasiga 25 ga 14.

Jahon chempionatining uchinchi saralash bosqichida 18 ta terma jamoa oltitadan uchta guruhga bo‘lingan. Guruhning eng yaxshi ikki jamoasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri JCH-2026 final bosqichiga yo‘l oladi. Uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar esa to‘rtinchi bosqichda o‘ynaydi, ular yana ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma, shuningdek, qit’alararo pley-off yo‘llanmasi uchun kurashadi.

Shundan kelib chiqib, jamoalar jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olishi uchun shu bosqichning o‘zida guruhida birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallashi muhim.

жч-2026 saralash, futbol, қаtaр

Avvalroq xabar berganimizdek, 14-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinoldi matbuot anjumanida bosh murabbiy yordamchisi Vlado Radmanovich va terma jamoa yarim himoyachisi Otabek Shukurov jurnalistlar savollariga javob berdi. Srechko Katanets mashg‘ulotlarda ishtirok etgan bo‘lsa-da, shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra matbuot anjumanida qatnashmadi.

“Agar ertangi o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsak, unda har bir o‘yin, albatta, qiyin bo‘ladi. Ertangi o‘yin Qatar uchun ham, O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham muhim. Jamoamizga kelsak, barcha futbolchilar ertangi uchrashuvga tayyor”, — dedi matbuot anjumadi Vlado Radmanovich.

Uning aytishicha, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi Qatar terma jamoasi haqida yetarlicha ma’lumotga ega.

Vlado Radmanovich.Vlado Radmanovich.

“Qatar terma jamoasi haqida yaxshi ma’lumotga egamiz. Ularning oldingi 3−4 uchrashuvini tahlil qilib chiqdik. Ular bilan o‘ziga xos o‘yinlar tarixiga egamiz. Bu borada tajribamiz yetarli. O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, yaqinda ham biz Osiyo kubogi doirasida uchrashdik. Shu sababdan aytishim mumkinki, terma jamoa ertangi uchrashuvga tayyor va yutqazmaslik yaxshi natija bo‘ladi, deb hisoblash mumkin”, — dedi mutaxassis.

Murabbiy yordamchisi jamoa qanday formada ekani va jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga qodirligi haqidagi savolga ham javob berdi.

“O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan 3 yildan beri birgamiz. Uch yildan buyon ushbu futbolchilar guruhi bilan ishlab kelyapmiz. Shu bilan birga, chempionat o‘yinlarida ham barcha futbolchilarni kuzatib kelamiz. Nafaqat oliy liga, balki birinchi, ikkinchi va barcha ligalardagi futbolchilarni kuzatib, nazoratini olib boramiz. Shu sababdan hozirgi kunda milliy terma jamoa shu darajaga yetib kelganki, biz har qanday raqibga qarshi qanday o‘ynash kerakligini va o‘zimiz qanday holatda ekanimizni yaxshi bilamiz”, — dedi u.

Bundan tashqari, Vlado Radmanovich O‘zbekiston “juda qiyin guruh”dan o‘rin olgani va birgina epizod payshanba kungi o‘yin natijasiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.

“Shu sababdan har bir uchrashuv biz uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Guruhdagi jamoalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, Eron bo‘ladimi, BAA bo‘ladimi, barchasi kuchli terma jamoalar hisoblanadi. Bittagina aniq zarba, bitta dribling yoki bitta xato ertaga uchrashuv natijasiga ta’sir o‘tkazishi mumkin”, — dedi u.

Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Markes Lopes to‘rtinchi turda Erondan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng (4:1) o‘z jamoasidan bunga reaksiya kutmoqda.

Jamoa uchun mag‘lubiyat og‘ir zarba bo‘ldi, chunki Almoyez Ali Qatarni hisobda oldinga olib chiqqandi, ammo keyinchalik jamoaga zaif himoya qimmatga tushdi, Eron tashabbusni qo‘liga olib, barcha uch ochkoni olib ketdi.

жч-2026 saralash, futbol, қаtaр

Fevral oyida o‘z uyida Qatar terma jamoasiga 2023-yilgi Osiyo Kubogini yutib bergan murabbiy Lopes jamoa tarkibiga uzoq muddatli jarohatidan tiklangan hujumchi Muhammad Muntariyni chaqirdi, shuningdek, tarkibda Akram Afif va Almoyez Ali ham bor. Jamoaga jahon chempionatida ishtirok etish umidlarini saqlab qolish uchun ham g‘alaba juda zarur. 2022-yilgacha Qatar terma jamoasi hech qachon jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma ololmagan, 2022-yildagi musobaqada esa tashkilotchi sifatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan.

“Biz saralashda 10 ta gol o‘tkazib yubordik va ko‘p hollarda jarohatlar muammo tug‘dirdi. Himoyada variantlarimiz kam, asosiy o‘yinchilarning jarohatlari esa qiyinchiliklarni faqat kuchaytiradi”, — dedi Lopes.

Unga aytishicha, futbolchilar “200 foiz borini berishi” kerak.

“Futbolchilar ham odamlar, xatolar bo‘ladi va futbol shavqatsiz ham bo‘lib turadi. Jarohatlar tufayli jamoani tayyorlashda ko‘p chaqiriqlarga duch keldik. Maqsadimiz — g‘alaba qozonish va uch ochko qo‘lga kiritish, bu bizning saralashdan o‘tishdagi umidlarimiz uchun asosiy omil bo‘ladi. Futbolchilar va bu jarayonda ishtirok etayotganlarning barchasi buni tushunadi va umid qilamizki, hammasi bizning foydamizga ishlaydi. Biz g‘alaba qozonish uchun oxirigacha kurashamiz”, — dedi qatarliklar murabbiyi.

Lopes O‘zbekistonni “o‘ta qiyin raqib” deb atadi, chunki terma jamoa jahon chempionatining Osiyo bo‘yicha saralashida yaxshi o‘ynadi, faqatgina Eron undan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘ldi.

“Bu kam gol o‘tkazib yuboradigan va bir xil tarkibda barqaror o‘ynaydigan kuchli jamoa. Ularda ajoyib o‘yinchilar bor, ayniqsa ularning hujumkor triosi. Biroq, biz o‘z uslubimizni o‘tkazishga harakat qilamiz. Biz o‘tgan hafta davomida raqibni sinchiklab o‘rganib chiqdik va kuchli yuklama bilan mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Biz ularning zaif tomonlaridan foydalanishga harakat qilamiz. Bu qiyin o‘yin bo‘ladi”, — dedi u.

Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov 12-noyabr kuni bergan intervyusida terma jamoaning jahon chempionatiga chiqish imkoniyati yuqori ekanligini aytdi. Unga ko‘ra, Qatarga qarshi o‘yinda jamoa uch ochko olishga harakat qiladi. Shomurodov, shuningdek, Oston Urunovdan boshqa barcha futbolchilarning o‘yinga tayyorligini qayd etdi.