Bojxonachilar Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi aeroporti orqali qadimiy tangalarni olib chiqishga urinishning oldini oldi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.

Fuqaro X.X. HY-9623 reysi bilan Moskvaga uchishni rejalashtirgan. Uning qo‘l yukini rentgenologik tekshiruvdan o‘tkazish, so‘ngra xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘zdan kechirish chog‘ida yo‘lovchida deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan tarixiy-madaniy ahamiyatga ega, kamida 50 yillik 116 dona metall tanga borligi aniqlangan.

qarshi, tangalar

Olib qo‘yilgan tangalar Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga topshirildi. Madaniy meros agentligi xulosasiga ko‘ra, tangalar orasida Buxoro amirligi davriga oid ekzemplyarlar ham bor.

Holat yuzasidan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga taqdim etildi.

Yil boshidan buyon “Qarshi aeroporti” bojxona posti xodimlari tomonidan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan madaniy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishga 10 ta urinishning oldi olindi. Olib qo‘yilgan ashyolarning umumiy qiymati 10 million so‘mdan oshadi, soni esa 168 tani tashkil etadi.