Toshkent xalqaro aeroporti xodimi R.M. 1500 dollar olayotgan vaqtda poytaxt viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi, deb xabar qildi Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bu pul evaziga u fuqaroning aeroportga ishga joylashishiga yordam berishni va’da qilgan. Gumonlanuvchi hozir qamoqda. Jabrlanuvchi ham, o‘z navbatida, nima uchun bunday yo‘lni tanlaganini sudga tushuntirib berishi kerak bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Mamlakat aeroportlarini boshqaruvchi Uzbekistan Airports kompaniyachi rasmiy izohida so‘nggi paytlarda Toshkent aeroportida ishga joylashtirish bilan bog‘liq bir necha firibgarlik holatlari qayd etilganini ma’lum qildi.

“Firibgarlar ma’lum miqdor evaziga sizni poytaxt aeroportiga ishga joylashtirishni va’da berishadi, biroq kelishilgan pulni olgach ular bilan aloqa uziladi”, — deyiladi xabarda.

“Hozirda O‘zbekiston aeroportlariga ishga qabul qilish faqatgina elektron tanlov tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu shaffoflikni ta’minlaydi va tanlov jarayonining samaradorligini oshiradi hamda pul uchun bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qiluvchi firibgarlar tarmog‘iga tushib qolish ehtimolini kamaytiradi”, — deya ta’kidladi kompaniya.

Bugungi kunga qadar elektron tizim orqali 284 ta bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazilib, 218 nafar yangi xodim ishga qabul qilindi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports. Uzbekistan Airports va xalqaro aeroportlar, shuningdek, shu’ba korxonalar — UzPort hendling kompaniyasi va UzCargo pochta-yuk kompleksining bo‘sh ish o‘rinlari vacancyuzairports.uz veb-sayti va @vacancyuzairports Telegram kanalida e’lon qilinadi.

“Biz fuqarolardan uchinchi shaxslarning shubhali takliflaridan qochib, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni faqat rasmiy va tasdiqlangan manbalardan olishlarini so‘raymiz”, — deyiladi kompaniya xabarida.