O‘zbekistonda transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan nodavlat o‘quv muassasalari 2024-yil fevralidan beri to‘laqonli ishlayotgani yo‘q. Ko‘plab xususiy avtomaktablar o‘rganuvchilarning yangi guruhlarini ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti. Oqibatda haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktabda o‘qishni istovchilar va shu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qiyin ahvolda qolgan.
“Gazeta.uz” bir necha avtomaktab mas’ullari va IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) bilan bog‘lanib, vaziyatni o‘rgandi.
Nega yuzlab nodavlat avtomaktablar ishlamayapti?
O‘zbekistonda 2023-yil oxirigacha 1400 dan ortiq nodavlat avtomaktab bor edi. Hozir ularning bor-yo‘g‘i 80 dan ortig‘i faoliyatini davom ettiryapti. Masalan, Xorazmda 23 ta, Namanganda 19 ta, Buxoroda 17 avtomaktab ishlayotgan bo‘lsa, Surxondaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida “prava” olishga tayyorlovchi biror xususiy muassasa ishlamayapti.
“Hozir avtomaktabimiz yopilgan, “registratsiya”ga ruxsat yo‘q. Guruhlarni ocholmayapmiz. Avtomaktablarning ishi to‘xtab qolganiga 7 oy bo‘ldi — fevraldan beri hech qaysi avtomaktab guruh ocholmayapti”, — deydi Toshkentdagi avtomaktablardan birining shaxsini oshkor etmaslik sharti bilan suhbatlashgan vakili.
“Avtomaktablarni litsenziyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 408-sonli qaroriga o‘zgartishlar kiritilgan. Bu o‘zgartishlar bo‘yicha endi avtomaktablarning xuddi imtihon markazlaridagidek jihozlangan 1 gektarlik avtodromi bo‘lishi yoki shunday avtodromni ijaraga olishi kerak. Bu — og‘ir talab”, — dedi Toshkentdagi boshqa bir avtomaktab vakili.
“Gazeta.uz” muxbirlari bog‘langan bir necha avtomaktab vakillari haqiqatan ham avtodrom jiddiy muammoga aylanganini tasdiqladi. Haqiqatan ham, aksariyat avtomaktablarning o‘z avtodromi yo‘q. Shu vaqtgacha avtodromi yo‘q o‘quv muassasalari avtodromlarni ijaraga olgan (bir avtodrom bir necha avtomaktab tomonidan ijaraga olinishi ham mumkin edi). Masalan, vakili “Gazeta.uz”ga intervyu bergan bir avtomaktab joriy o‘zgarishlargacha amaliy (avtodrom) mashg‘ulotlarini xalq orasida “Fayzobod GAI” nomi bilan tanilgan Mirobod tumanidagi ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limida o‘tkazgan (u 2024-yil 8-yanvarida ta’mirlash ishlari sabab yopilgandi, mart oyida prezident tashrif buyurganida, u joy diagnostika markaziga aylantirilishi aytilgandi).
Talab qachondan o‘zgardi?
2022-yil 11-fevralida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Xavfsiz va ravon yo‘l” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda ko‘plab masalalar, xususan, yo‘l qoidabuzarliklari uchun jarima ballarini joriy etish, Yo‘l harakati qoidalarini yangilash, svetoforlar o‘rnatish, shuningdek, haydovchilarni tayyorlash, malakasini oshirish va ularni imtihon qilish tizimini isloh qilish kabilar ko‘rib chiqilgan.
Oradan ikki oy o‘tib, videoselektordagi vazifa va topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida, qaror chiqadi. Unda “haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy qilgan holda, o‘quv jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish” vazifa sifatida belgilab qo‘yiladi. Bu vazifa ijrosi doirasida 2023-yil mayida avtomaktablar faoliyatini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan Ichki ishlar vazirligiga o‘tkaziladi.
O‘sha yilning 17-avgustida xususiy avtomaktablar faoliyatini tartibga solishga doir hukumat qaroriga o‘zgartishlar kiritildi. Bu o‘zgarishlarga muvofiq, endi avtomaktablar yo maydoni 1 gektarlik, jihozlanishi imtihon markazlarnikidek bo‘lgan avtodromga ega bo‘lishi yoki shunday avtodromni ijaraga olishi kerak.
Hukumatning yangilangan qarori talablari uch oydan so‘ng (2023-yil 19-noyabrdan) kuchga kirdi, ammo talabga javob bermaydigan avtomaktablar faoliyati birdan to‘xtatilmadi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatidan ma’lum qilishlaricha, avtomaktablarni og‘zaki va yozma ogohlantirish ishlari qaror qabul qilinishidan avvalroq boshlangan edi. O‘zgarishlar kuchga kirgach, mas’ullar joylarga chiqib, o‘rganishlar o‘tkazgan. 2024-yil fevralidan IIV xususiy avtomaktablarga litsenziya berishga kirishgan. Shu vaqtdan e’tiboran yangi talablarga javob bermaydigan avtomaktablarning faoliyati to‘xtatila boshlagan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, aksariyat xususiy avtomaktablar litsenziya talablariga javob berolmagani uchun, jumladan, avtomaktab hududiga belgilangan miqdorda kuzatuv kameralari o‘rnatilmagani, o‘quv joylarining sifati pastligi, eng asosan — belgilangan talab darajasidagi avtodromi yo‘qligi uchun faoliyatini to‘xtatgan. Eng og‘ir litsenziya talabi ham aynan avtodrom bilan bog‘liq.
Avtodrom qanday bo‘lishi lozim?
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni o‘tkazish vakolati xususiy imtihon markazlariga o‘tkazilguniga qadar, imtihonlar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi (xizmati)ning Ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘linmalarida o‘tkazilgan. Ular avvaldan ma’lum bir standart asosida tashkil etilgani bois, haydovchilik guvohnomasini olishga doir qonunchilik hujjatlarida ularning jihozlanishiga doir talablar alohida yozilmagan edi.
Faqat avtomaktablarning o‘quv avtodromlariga doir talablar ko‘rsatilgandi, xolos. Xususan, bunday avtodromlarning sathi tekis qattiq qoplamaga hamda yil davomida harakatni tashkil qilishni ta’minlaydigan texnik vositalarga ega bo‘lishi; unda qiyaligi 16 foizdan kam bo‘lmagan nishablikka ega bo‘lgan balandlik uchastkasi; transport vositasini to‘xtab turish joyiga qo‘yish uchastkalari (bokslar); qayrilib olish uchastkasi; ilonizi yo‘l uchastkasi bo‘lishi kerak edi. Bundan tashqari, harakatlanishning o‘xshash sharoitlarini vujudga keltirish maqsadida avtodrom chorrahalar, piyodalar o‘tish joylari va temir yo‘l kesishmalari hamda Davlat standartlariga binoan yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari va svetoforlar bilan jihozlanishi lozim edi.
“Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan soha vakillarining ta’kidlashicha, yangi talablar avtomaktablar uchun ancha og‘ir. Birinchidan, avtodrom maydoni 1 gektardan kam bo‘lmasligi kerak. Ikkinchidan, avtodrom avtomatlashtirilgan tizimlarga ega bo‘lishi kerak — bu butun avtodrom hududida kuzatuv kameralari, maxsus datchiklar va boshqa texnik vositalari bilan to‘ldirilishi kerak, degani. Uchinchidan, u nafaqat yengil avtomobillarni boshqarish, balki yuk mashinalari va avtobuslarni haydash bo‘yicha imtihonlarni topshirishga imkon beradigan bo‘lishi kerak.
“Bir kulgili muammo bor. Biz faqat “B toifa (yengil avtomobillar) bo‘yicha haydovchilik guvohnomasini olishga o‘qitamiz. Lekin respublika YHXX bizning ixtiyorimizdagi avtodromda qolgan toifadagilar uchun sharoit bo‘lishi kerakligi haqida buyruq chiqarib qo‘ydi. Biz bu masalada shahar YHXXga bordik, ular bu masalani hal qilolmasligi aytdi. Keyin respublika YHXXga bordik, ular esa bir gektardan kam bo‘lmasin va hamma uchun sharoit bo‘lsin, deb turibdi. Biz faqat bitta toifa bo‘yicha o‘qitadigan bo‘lsak, nega avtodromimizda qolgan toifalar bo‘yicha ham sharoit qilishimiz kerak axir?”, — deydi Toshkentdagi yana bir avtomaktab vakili.
Poytaxtdagi faoliyati to‘xtab qolgan yana boshqa avtomaktab mas’uli bunday dedi: “Toshkentdagi 1 sotix yer 15−20 ming dollar bo‘lib turganidan kelib chiqib aytganda, 1 gektarli avtodrom qilish hamma avtomaktabning ham qo‘lidan kelmaydi. Biz biznes-ombudsmanga ham, boshqasiga ham murojaat qildik, foyda bergani yo‘q. Bu talabni yengillashtirishsa bo‘lardi. Mayli, avtomaktabning avtodromi bo‘lsin degan talabga rozimiz — bu talab avval ham bor edi, lekin avtomaktabga imtihon markazlarinikidek talab qo‘yilmasligi kerak. Bu noto‘g‘ri, bunda mantiq yo‘q. Axir biz imtihon olmaymiz, faqat imtihonga tayyorlaymiz. Imtihonga ko‘chada ham tayyorlansa bo‘ladi — shu vaqtgacha ham shuncha odam tayyorlangan, o‘rgangan-ku”.
YHXX nuqtai nazari
IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev imtihon markazlari uchun belgilangan talablarning nodavlat avtomaktablarga ham tatbiq etilishidan norozilik bo‘layotganini inkor etmadi. Ayni vaqtda, o‘quv muassasalarida “prava” uchun o‘qiyotgan talabgorlar uchun qulayliklar yaratilishi, ularda lozim sharoitdagi avtodromda amaliy mashg‘ulot imtihonini topshirish imkoni bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
YHXX vakilining qayd etishicha, bu o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad — “yo‘llardagi avariyalarning oldini olish”. “Agar haydovchi sifatli ta’lim olsa, qat’iy nazoratda o‘qisa, darslarga qatnashsa, biz bu tizimni raqamlashtirib, yo‘lga qo‘yib qolsak, kelgusida bilimli haydovchi qoidaga rioya qilib harakat qiladi, avtofalokat sodir etmaydi”, — dedi Zoyir Yo‘ldoshev.
Shuningdek, avtodrom videokuzatuv uskunalari bilan to‘liq qamrab olingan bo‘lishi kerak, toki nazoratchilar masofadan turib jarayon qanday kechayotganini kuzatib tura olsin. “Avtodromni jihozlashga qancha mablag‘ ketishining bizga ahamiyati yo‘q, talab darajasida bo‘lsa kifoya, — dedi YHXX vakili. — Talab darajasidagi avtodromi bor (yoki shunday avtodromni ijaraga olganini tasdiqlagan) avtomaktablar faoliyatiga ruxsat berilyapti”.
Avtomaktablar talablarni yumshatishni so‘rayotgani haqidagi savolga YHXX matbuot xizmati boshlig‘i Zoyir Yo‘ldoshev shunday javob qaytardi: “Yangi talablarni tasdiqlagan qaror bor. Shu vaqtgacha shu talablarni bajargan avtomaktablarga faoliyatini qayta boshlashga ruxsat berilyapti. Boshqalar ham talabni bajarsa, ruxsat beriladi. Nodavlat avtomaktablarning egalari — tadbirkorlar va ular haydovchilikka o‘qitgani uchun pul oladi. Agar ular shu tadbirkorlik turi bilan shug‘ullanishni istasa, marhamat, o‘quv maydonlarini talab darajasida jihozlasin va ishlayversin. Bu davlatning talabi”.
YHXX vakilining qo‘shimcha qilishicha, “haydovchilik guvohnomasi uchun o‘qish majburiy ta’lim turi hisoblanmaydi”. “Agar fuqaro mashina haydash uchun haydovchilik guvohnomasi olishni istasa, sifatli ta’lim beriladigan joyga borishi kerak”, — dedi Yo‘ldoshev.
Bu o‘zgarishlar o‘qish narxiga ta’sir qiladimi?
Namangan viloyatidagi “Tulpor” avtomaktabi vakili Jannatoy Asqarovaning ta’kidlashicha, u ishlayotgan avtomaktab o‘z avtodromini qurib, 2-oktabr kuni faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat olgan. Avtodrom bitgach, o‘qish narxi biroz oshgan.
Yangi talablarni mantiqsiz va noto‘g‘ri deb atagan Toshkentdagi avtomaktablardan birining vakili shunday dedi: “Agar talablar yengillashtirilsa, biz ham ijaraga yer olib, soddaroq avtodrom qurishga harakat qilamiz. Bu xarajatimiz o‘qish narxlariga ham ta’sir qiladi”.
YHXX vakili narxlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qish narxlari davlat tomonidan belgilanmasligi, narx tadbirkorlik subyektlari — avtomaktablar o‘rtasidagi raqobat asosida shakllanishini ta’kidladi. “Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan deyarli barcha avtomaktab vakillari yangi talablar o‘qish narxlarining oshishiga sabab bo‘lishini bildirdi.
2022-yil 4-fevraldan boshlab Toshkentning Sergeli tumanida Autodriver Study kompaniyasining birinchi yagona imtihon markazi faoliyatini boshladi. Shu kundan boshlab Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni qabul qilish to‘xtatildi.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishning yangi tizimi shundan iboratki, imtihonlar va baholash inson faktorisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev, Antimonopoliya qo‘mitasining javobiga tayanib, Toshkentda imtihon markazi ochilib, davlat markazlari bir vaqtning o‘zida yopilganda prezident farmoni buzilganini ma’lum qilgandi.
2022-yil 18-mart kuni, markaz ochilganidan bir yarim oy o‘tib, undagi narxlar 50% ga oshirib yuborildi va bu valyuta kursi va boshqa mamlakatlardagi holatlar bilan izohlandi. Shunday qilib, blogerlar markazning raqobatchilar ro‘yxatiga kirmasligi va aholi uchun boshqa alternativ variantlar yo‘qligini e’tirof etgan.
Toshkentdagi haydovchilarning Yagona imtihon markazi asoschisi Komil Allamjonov o‘sha paytda monopoliya ayblovlarini rad etgandi: “Men monopolist emasman. Bizning holatimiz ham monopoliyaga kirmaydi”, degandi u.
Shundan so‘ng, kompaniya Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Namangon, Andijon, Farg‘ona, Toshkent va Samarqand viloyatlarida ham imtihon markazlarini ochdi.