2023-yilning avgust oyidan beri Yangiyo‘l shahri hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Dilshod Sultonov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Ravshan Isakdjanovich Raimov egalladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida o‘tgan Xalq deputatlari Yangiyo‘l shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Ravshan Raimov 1976-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. Mutaxassisligi-iqtisodchi. U faoliyati davomida Davlat soliq tizimida bir qator rahbarlik lavozimlarda, shuningdek, 2020−2023-yillarda Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. Tayinlovga qadar, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.
Dilshod Sultonov.
Shu vaqtgacha hokim vazifasida bo‘lgan Dilshod Sultonov (1980-yilda tug‘ilgan, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan — 2002, mutaxassisligi — iqtisodchi) 2003-yildan Moliya vazirligi tizimida ishlab kelgan. 2017-yil sentabridan buyon Moliya vazirligining Davlat budjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bungacha 2013-yildan Pensiya jamg‘armasining Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi boshlig‘i, Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimlarida ishlagan.
Hokim vazifasiga kirishgunga qadar u Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari, 2018-yil sentabridan esa sobiq Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari va G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.