Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan uzluksiz ta’minlash, tarmoq korxonalarida samaradorlikni oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bu vazifalar 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilab olingandi. Bundan 10 kundan sal ko‘proq vaqt oldin, 4-noyabr kuni prezident energetika kompleksi rahbarlari bilan energetika sohasi korxonalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini muhokama qilgan edi. Juma kuni mas’ul shaxslar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Aholining va iqtisodiyot tarmoqlarining ortib borayotgan talabiga mos hajmlarda gaz yetkazib berilayotgani qayd etildi.
“Tarmoqlar modernizatsiya qilinayotgani, iqtisodiyotda energiya samaradorlik oshirilayotgani natijasida yo‘qotishlar kamaymoqda. Masalan, so‘nggi yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun gaz sarfi 1,6 barobar kamaygan. Oldinda yana ko‘p vazifalar bor. Hozirgi mavsum va kelgusi yillarda aholini energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash, buning uchun yetarli zaxira tayyorlash zarur”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil qish mavsumida iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib beriladi. Taqqoslash uchun: 2020-yilning kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 24,9 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan edi.
Havo harorati keskin tushib ketsa, aholi ehtiyoji yanada oshadi. Mutasaddilar bu boradagi rejalarni oyma-oy va tumanlar kesimida bayon etdi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida asosiy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edi. Favqulodda vaziyatlarda -20 darajadan past harorat bo‘lganda yirik iste’molchilar va yoqilg‘i quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berish cheklanadi, mazutdan foydalanish ko‘payadi, yirik korxonalarni energiya bilan ta’minlash cheklanadi.
Ijtimoiy muassasalar va korxonalarni energiya bilan uzluksiz ta’minlash uchun alohida zaxira inobatga olingan. Ma’lum qilinishicha, ushbu tabiiy gazni issiqlik elektr stansiyalari, kimyo va metallurgiya korxonalari, gaz quyish shoxobchalariga manzilli yetkazish bo‘yicha tizim tashkil etilgan.
Prezident tarmoqlarda gaz hisobi va nazorati bo‘yicha boshlangan ishlarni qat’iy davom ettirib, yo‘qotishlarni yanada kamaytirish mumkinligini ta’kidladi. Andijon, Navoiy va Toshkent viloyatlarida gazni tejash bo‘yicha aniqlangan imkoniyatlarni boshqa hududlarda ham amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga ishni tuman va mahallalar miqyosida tashkil etib, energiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni joyida hal qilish, talab va iste’molni muvofiqlashtirib, uzilishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilishda gaz sohasidagi transformatsiya jarayonlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tarmoq korxonalari xalqaro moliya bozoriga chiqib, modernizatsiya uchun mablag‘larni mustaqil jalb etishi belgilandi.
“Gaz tarmoqlarini yangilash va tartibga solishda eng katta imkoniyat — raqamlashtirish va xususiy sheriklik. Shu nuqtai nazardan, tarmoqqa xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.”, — deyiladi xabarda.
Prezident har bir tarmoq va uning korxonalari kesimida tannarxni kamaytirish, xarajatni maqbullashtirish va transformatsiya jarayonini tezlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb etib, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish muhimligi aytildi.
Prezidentning 30-avgustdagi 2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi elektr va gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy operatorlar boshqaruviga berish rejalashtirilmoqda. Energoregulyator rahbari Sherzod Xo‘jayev elektr tarmoqlarini nima uchun xususiy sektorga berish kerakligini tushuntirgandi.