2023-yildan boshlab Estoniyada ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tufayli jinoyatchilik ortib bormoqda, xususan, pul yetishmasligi tufayli odamlar ko‘proq o‘g‘rilik qila boshladi, dedi adliya va raqamli texnologiyalar vaziri Liisa-Li Pakosta. Bu haqda RBK yozmoqda.

“O‘n yil davomida jinoyatchilik kamaydi, lekin o‘tgan yili o‘sishni boshladi. Ilgari biz jinoyatchilik darajasi pasaygan kam sonli mamlakatlardan biri edik”, — dedi u (Postimees iqtibosi). Pakostaning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatlar sonining o‘sishi taxminan 4 foizni tashkil etdi, shundan 25 foizi firibgarlikka to‘g‘ri keladi.

Vazirning aniqlik kiritishicha, Estoniya “yevropacha trenddan xoli emas”, chunki Yevropa Ittifoqida “jinoyatchilik ko‘p yillardan beri o‘sib bormoqda”. “Shuni ta’kidlash kerakki, tahlilchilar ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashishini Estoniyada jinoyatchilikning o‘sishining asosiy omili deb sanamoqda. Afsuski, oziq-ovqat va eng zarur narsalarni sotib olish uchun pullari yetmagani uchun o‘g‘irlik qilayotganlar soni ham ko‘paydi”, — dedi vazir.

Yanvar oyida Postimees Estoniya politsiya va chegara qo‘riqlash departamenti statistikasiga tayanib, oziq-ovqat va velosiped o‘g‘irlash soni ko‘paygani haqida yozgandi. “Yil davomida mulkka qarshi jinoyatlar soni ko‘paygan. Ular orasida o‘g‘rilik, firibgarlik, kiberfiribgarlik va rastrata ustunlik qilmoqda”, — deya Adliya vazirligi izohidan iqtibos keltirgan nashr. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda 10 ming aholiga nisbatan eng ko‘p o‘g‘rilik holatlari Tartumaa, Xaryumaa, Ida-Virumaa va Valgamaa tumanlariga to‘g‘ri kelgan.

Estoniya 2024-yil boshida yillik inflyatsiya darajasi bo‘yicha Yevrohudud mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egallagan, u 4,4% ni tashkil etgan, deb yozadi ERR Eurostat ma’lumotlariga tayanib. Narxlar eng ko‘p Ruminiya (7,1%) va Xorvatiyada (4,8%) oshgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsiyaga asosan xizmatlar, oziq-ovqat, alkogol, tamaki mahsulotlari, shuningdek, noenergetik sanoat tovarlarining qimmatlashishi sabab bo‘lgan.