Sirdaryo viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan tadbirkorlik subyekti aniqlandi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Tashkilotning viloyat hududiy boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. Unda Yangiyer shahrida joylashgan “Y-Z.E.” MCHJga qarashli qurilish materiallari ishlab chiqarish binosi ko‘zdan kechirilgan.

Aniqlanishicha, korxona hisoblagichsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqqa ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Oqibatda gaz ta’minoti korxonasiga 5 milliard 25 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.