Oktabr oyi oxirida Isroilning Eronga hujumi oqibatida yadroviy qurol ishlab chiqish bo‘yicha maxfiy tadqiqot markazi yo‘q qilingan, deb xabar berdi Axios Isroil va AQSh rasmiylari orasidagi manbalarga tayanib.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap Tehrondan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda joylashgan Parchin harbiy majmuasi hududidagi Telegan-2 obyekti haqida bormoqda. U Eronning “Amad” yadro qurollari dasturining bir qismi edi, dastur 2003-yilda to‘xtatilgan.

Telegan-2 da yadroviy qurilmani ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan portlovchi moddalar sinovlari o‘tkazilgan deb ishoniladi. Sobiq isroillik amaldorning Axios`ga aytishicha, bunday sinov uchun ishlatiladigan murakkab uskuna zarba bilan yo‘q qilingan. Isroil hujumidan keyin olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari laboratoriya binosi butunlay vayron bo‘lganini ko‘rsatadi.

Nashrning yozishicha, AQSh va Isroil razvedkasi 2024-yil boshida Parchinda tadqiqot faoliyatining tiklanishini qayd eta boshlagan. “Ular yadro qurolini ishlab chiqarish uchun asos yaratishi mumkin bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarni olib bordi. Bu sir edi. Eron hukumatining kichik qismi bundan xabardor edi”, — dedi AQSh vakili Axios`ga.

Ta’kidlanishicha, Isroil hujumi Eronning yadroviy tadqiqotlarni qayta boshlash borasidagi sa’y-harakatlariga “sezilarli darajada putur yetkazgan” va Tel-Aviv Eron tizimi haqida “muhim tushuncha”ga ega ekani haqida “nozik messej” bo‘lgan.

Isroil 1-oktabr kuni Eronning ommaviy raketa hujumiga javob zarbasini tayyorlayotganda nishon sifatida Telegan-2 obyekti tanlangan. AQSh Isroildan Eron bilan urushni qo‘zg‘atmaslik uchun Eron yadroviy obyektlariga hujum qilmaslikni so‘ragan.