Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani uchun opasini o‘ldirgan 16 yoshli o‘smirga hukm o‘qildi. Bu haqda Milliy TV telekanalining Millar ko‘rsatuvi xabar berdi.

Jinoyat avgust oyida sodir etilgan, 18 yoshli F.J. tayoq va metall buyumlardan zarba qabul qilib, olgan jarohati oqibatida vafot etgandi.

O‘smir onasining to‘xtatishga urinishlariga qaramay, opasini tayoq sinib ketgunigacha urganini tan oldi. Xabarda ta’kidlanishicha, ayblanuvchi jinoyatni rashk tufayli sodir etgan.

A.J. aybini bo‘yniga olib, pushaymon bo‘ldi, deyiladi xabarda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tumani sudi uni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topdi va jazoni axloq tuzatish koloniyasida o‘tash bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.