Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Germaniya kansleri Olaf Shols 2022-yil dekabr oyidan buyon ilk bor telefon orqali muloqot qildi. Kremlning bildirishicha, dialog Germaniya tomoni tashabbusi bilan tashkil etildi.
“Ukrainadagi vaziyat yuzasidan batafsil va ochiq fikr almashildi. Vladimir Putin hozirgi inqiroz NATOning Ukraina hududida Rossiyaga qarshi platsdarm (biror davlatning boshqa bir davlatga hujum qilishida harbiy harakatlarni kengaytirish uchun baza sifatida foydalaniladigan hudud — tahr.) yaratishga qaratilgan ko‘p yillik tajovuzkor siyosatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri natijasi ekanini eslatib o‘tdi, bunda mamlakatimizning xavfsizlik sohasidagi manfaatlari e’tiborga olinmaydi va rusiyzabon aholi huquqlari poymol qilinadi”, — deyiladi bayonotda.
Suhbatda Rossiya-Germaniya munosabatlaridagi ahvolga ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, Putin GFR hukumatining do‘stona bo‘lmagan siyosati oqibatida ularning barcha yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan tanazzulga uchraganini ta’kidladi. Rossiya energetika sohasidagi shartnomaviy majburiyatlarini doimo aniq bajargani, agar Germaniya manfaatdor bo‘lsa, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani aytib o‘tildi. Shuningdek, Yaqin Sharqda keskinlashib borayotgan vaziyat muhokama qilindi.
Peskov Putinning Shols bilan suhbati haqida: “Fikrlarning qandaydir mos kelishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas, ammo muloqot faktining o‘zi juda ijobiy”.
Germaniya kansleri matbuot xizmati:
“Olaf Shols Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini qoraladi. Vladimir Putinni urushni to‘xtatishga va qo‘shinlarni olib chiqishga chaqirdi. U Moskva Ukraina bilan adolatli va mustahkam tinchlikka erishishni nazarda tutuvchi muzokaralarga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Germaniya Ukrainani Rossiya tajovuziga qarshi kurashda qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga qat’iy qaror qilganini ta’kidladi. Putin bilan qo‘ng‘iroq qilishdan oldin u Vladimir Zelenskiy bilan gaplashdi”.
Kiyevdagi manbaning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, Rossiya bilan urush paytida Ukrainaning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Shols Zelenskiyga Rossiya rahbari bilan uchrashish rejalari haqida oldindan xabar bergan. Zelenskiy esa Sholsni Putin bilan muloqotdan qaytargan.
“Kansler prezidentimizga Putin bilan gaplashmoqchi ekanini aytgandi. Prezident bu Putinga faqat uning izolyatsiyasini kamaytirish orqali yordam berishini aytdi. Putin haqiqiy tinchlikni istamaydi, tanaffusni xohlaydi”, — deydi manba.
“U bilan gaplashish Putinga vaziyatni o‘zgartirishga va urushni davom ettirishga imkon beradi. Bu tinchlik keltirmaydi, chunki Putin yillar davomida aytgan yolg‘onlarini takrorlaydi va o‘zini endi yolg‘iz emasdek ko‘rsatadi”, — deb qo‘shimcha qilinadi xabarda. Reuters muloqot bir soat davom etganini ta’kidladi.
- Berlin Ukrainaning yirik moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchisi va Qo‘shma Shtatlardan keyin uning eng yirik qurol yetkazib beruvchisidir. Uning Kiyevga kelgusidagi yordami Donald Trampning shu oy AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan keyin noaniq ko‘rinish oldi.